Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori A.Eminov, hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori I.Azimov Turkiyaning Turk til qurumida bo’lishdi. Turkiyaning mashur, turk tili va madaniyatini butun dunyoda targ‘ib qiluvchi, turk tili rivoji uchun mas’ul bo‘lgan Turk til qurumi (Turk dil kurumi) faoliyati bilan tanishildi. Qurum rahbari Gurar Gulsevin tashkilot faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berdi.


Til qurumi davlat tashkiloti bo‘lsa-da, davlat tomonidan moliyalashtirilmaydi. Turkiyaning milliy qahramoni Mustafo Kamol Otaturk o‘z merosini turk tili, madaniyati rivoji uchun sarflashni vasiyat qilgan ekan. Qurum ana shu mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilar ekan. Tashkilot turk tilining imlo qoidalari, turli lug‘atlar (izohli, sohaviy, qiyosiy) tayyorlashga, til bo‘yicha davlat siyosatini belgilab berishga mas’ul muassasa hisoblanib, boshqa tashkilot yoki oliy ta’lim muassasalari tomonidan tayyorlangan lug‘atlar ayni qurum lug’atlariga asoslanar ekan. Imlo bo‘yicha yoki biror so‘z izohi bo‘yicha savollar tug‘ilganda, tashkilot xulosasi yakuniy asos hisoblanadi.

Qurumga borishdan asosiy maqsad, turk tili rivoji, targ‘iboti uchun eng asosiy vosita bo’lgan turk tili elektron platformasi haqida kengroq ma’lumotga ega bo‘lish, o‘zbek tilining shunday elektron platformasini yaratish bo’yicha hamkorlik qilish. Gurar bey bu taklifga rozilik berdi, hamkorlik memorandumi imzolashga, har qanday yordamga tayyorligini bildirdi.

Mazkur uchrashuvni tashkil qilgan, Turkiyada 30 yildan ortiq vaqtdan beri o‘zbek tilini targ‘ib qilayotgan professor Aynur Xonimga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

