2023-yil 10-fevral kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda jamg‘arma tomonidan chop etilgan kitoblar taqdimoti hamda Alisher Navoiy va Boburning beqiyos ma’naviy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ma’naviy tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktor o‘rinbosari Nasiba Xoldorova tadbir ishtirokchilarini tanishtirar ekan, uning dolzarbligini ham alohida ta’kidladi. “Tadbirimiz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbek tili haqida gapirar ekanmiz, albatta Alisher Navoiy, Bobur ijodlarini tilga olamiz. Bugungi tadbirda sizlarni tanishtirmoqchi bo‘lgan kitoblarimiz barchangizga qiziqarli va foydali bo‘lishiga aminmiz”, – dedi N.Xoldorova.

Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchisi Fayzullo Iskandarov yurtimizda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburga davlat miqyosida ko‘rsatilayotgan e’tiborni e’tirof etdi, o‘z tilimizga jiddiy e’tibor qaratishimiz kerakligini, hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda adabiy til me’yorlari buzilish holatlari kuzatilayotgani haqida fikr bildirdi hamda yig‘ilganlarni “Ona tilim – mangu makonim” she’riy to‘plami bilan tanishtirdi. “Mazkur kitobda o‘zbek va qoraqalpoq, mashhur va nomi tanish bo‘lmagan shoirlarning ona tilimiz o’zbek tiliga bag’ishlangan she’rlari to’plandi va keng kitobxonlarga taqdim etilmoqda. Maqsad – sohir so’z egalarining tashbehi bilan tilimizni yana bir karra ulug’ lash va eng chiroyli ta’riflar bilan ko’ngillarni zabt etishdir.”
Tadbirda, shuningdek, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktor o‘rinbosari Eshonqulov Oybek yig‘ilganlarga O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi sa’y-harakatlari bilan 2022-yilda chop etilgan kitoblar, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti Tabiiy geografiya kafedrasi o‘qituvchisi Muxriddin Avezov “O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati”, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi yetakchi mutaxassisi Sherzod Karimjonov esa “Davlat tilida ish yuritish” kitobi to‘g‘risida ma’lumot berdilar.
