Navoiy asarlarini raqamli shaklda tayyorlash taklifi ilgari surildi

O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligida Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi va qator hamkor tashkilotlar ishtirokida to‘rt jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Nodir Xolbo‘tayev Alisher Navoiy merosi, uning hayoti va ijodi xususida ma’lumot berib, mazkur qomusning chop etilishi o‘zbek adabiyoti va ilm-fani rivojidagi muhim voqelik ekanini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, Navoiy asarlarini raqamlashtirish, alohida veb-sayt hamda mobil ilovalar yaratish orqali ularni keng targ‘ib qilish zarurligi qayd etildi. Bu jarayonda Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda uning tizimidagi korxona va tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish muhim ekani ta’kidlandi.

Taqdimotda Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari J. Maxsudov so‘zga chiqib, Alisher Navoiy ijodini nafaqat adabiyotshunoslar, balki keng jamoatchilik o‘rganishi lozimligini, uning asarlarida zamonaviy jamiyat hayoti, jumladan, raqamli texnologiyalar bilan bog‘liq muhim fikrlar ham aks etganini qayd etdi.

Mazkur ensiklopediyada O‘zbekistonning 78 nafar navoiyshunos olimi, yosh tadqiqotchilar, shuningdek, Turkiya va Ozarbayjon olimlari tomonidan tayyorlangan maqolalar o‘rin olgan. To‘rt jildlik ushbu qomus O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1000 nusxada chop etildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan