Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni ta’minlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 10-fevraldagi qarori asosida 2023-yildan tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va e’lon qilish amaliyotini toʻliq joriy qilish topshirigʻi qoʻyilgan edi. Qaror ijrosini oʻz vaqtida ta’minlash boʻyicha juda koʻplab vazirlik, idoralar, mahalliy hokimiyatlar 2023-yilni kutib oʻtirmasdan oʻz tashabbuslari bilan lotin yozuviga oʻtib ketishdi, lekin haligacha oʻylanib yurgan davlat tashkilotlari ham yoʻq emas.
Bu muammo xususida koʻp va xoʻp yozildi. Lekin koʻpchilik oʻrtasida hukumatning oʻzi qachon oʻtar ekan? Qaror chiqaruvchi bosh tuzilma oʻrnak boʻlmaydimi? kabi savollar koʻp aylanar, afsuski, savollar har doim ochiq qolardi. Shukrlar boʻlsinki, bunday savollarga aniq javob olinadigan kunlarga yetib keldik.
Bosh Vazirimizning qat’iy topshiriqlari bilan:
– Vazirlar Mahkamasining yuqorida qayd etilgan qarori ijrosini toʻliq va soʻzsiz ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasida ish yuritishni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga oʻtkazish va shu munosabat bilan yuzaga keladigan masalalarni hal etib borish boʻyicha ishchi guruh tashkil qilindi;
– 2023-yil iyun-iyul oylarida Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasi xodimlarini Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi bilan birgalikda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosi va imlosi hamda davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish boʻyicha jadval asosida oʻquv kurslari tashkil qilish vazifasi qoʻyildi. Oʻquv kurslari Vazirlar Mahkamasining oʻzida ajratilgan xonada 2023-yil 19-iyundan boshlandi.
Nihoyat, ikki yozuvga barham beriladigan kunlarga ham yaqinlashib kelyapmiz. Bugun shunday kunlarni orzu qilgan, jonini fido qilgan jadid bobolarmiz ruhi shod boʻldi. Qadri baland ona tilim, nufuzing va mavqeying bundan ham ulug boʻlsin!
✍️Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi direktori I.Azimo
