Farmoyish hujjatlarining bir-biridan qanday farqi bor?

 

Farmoyish hujjatlariga buyruq, farmoyish, ko‘rsatma kabi hujjatlar kiradi. Bu hujjatlar barchasi buyruq berishga asoslangan hujjatlardir, lekin o‘z ichida ma’lum farqlarga ega. “Davlat tilida ish yuritish” kitobida bu hujjatlar haqida shunday tariflar berib o‘tilgan:

Buyruq – muayyan muassasa oldida turgan asosiy va kundalik vazifalarni hal qilish maqsadida qo‘llanadi. Mohiyat-e’tibori bilan buyruqlar ikkiga bo‘linadi: asosiy faoliyatga oid va kadrlar shaxsiy tarkibiga oid. Ular ketma-ket tartibda alohida raqamlanadi va ayrim saqlanadi.

Ko‘rsatma – idoralarda axborot-metodik tusdagi masalalar, shuningdek, buyruqlar, yo‘riqnomalar va boshqa hujjatlarning ijrosi bilan bog‘liq tashkiliy masalalar yuzasidan chiqariladigan huquqiy hujjat. Ko‘rsatmalarga birinchi rahbar, shuningdek, lozim bo‘lsa, bosh muhandis, ularning o‘rinbosarlari imzo chekish huquqiga ega.

Farmoyish – Muassasa ma’muriyati (direktor, uning o‘rinbosarlari, bosh muhandis, uning o‘rinbosarlari), shuningdek, bo‘limlarning rahbarlari tomonidan amaliy masalalar yuzasidan qabul qilinadigan hujjat. Odatda, farmoyishlarning amal qilish muddati cheklangan bo‘lib, bo‘limlarning tor doirasiga, ayrim mansabdor shaxslar va fuqarolarga taalluqli bo‘ladi.

Yuqoridagi qoidalardan kelib chiqadigan bo‘lsak, buyruq asosiy va kundalik vazifalar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, farmoyish amaliy masalalar uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Ko‘rsatmada esa axborot-metodik tusdagi masalalar yuzasidan buyruq beriladi. Va yana ko‘rsatma mustaqil holatda tayyorlanmaydi, balki qaysidir hujjat asosida chiqariladi. Vazifa yuklash uchun buyruqda “Buyuraman”, ko‘rsatmada “Yuklayman”, “Tavsiya etaman”, farmoyishda esa “Tavsiya qilaman”, “Ruxsat beraman” kabi so‘zlardan foydalaniladi. Bu hujjatlar qolip jihatda bir-biriga o‘xshashdir.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan