Tilning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati haqida soʻz ketganda Rasul Hamzatovning “Mening Dogʻistonim” asaridagi bir parcha yodimga kelaveradi. Oʻz yurtini tashlab, oʻzga yurtda yashayotgan rassom haqidagi hikoya juda taʼsirli bayon etilgan. Adib Parijda oʻsha rassomni uchratib, u bilan ancha vaqt suhbatlashadi va yurtiga qaytgach, rassomning onasiga farzandi toʻgʻrisida gapirib beradi. Eng taʼsirli qismini aynan keltiraman:
“Shunda birdan onasi soʻrab qoldi:
– Sizlar avarcha soʻzlashdinglarmi?
– Yoʻq, biz tarjimon yordamida gaplashdik. Men ruscha gapirdim, u fransuzcha.
Ona yuziga qora chodrasini tushirdi, bizda onalar oʻz oʻgʻlining oʻlganini eshitganda shunday qilishadi. Uyning tomiga yomgʻir tomchilardi. Biz Avaristonda oʻtirardik. Ehtimol, hozir dunyoning narigi chetidagi Parij shahrida Dogʻistonning adashgan oʻgʻli ham yomgʻir tomchilari ovozini tinglayotgandir. Uzoq jimlikdan keyin ona dedi:
– Rasul, sen yanglishibsan, mening oʻgʻlim allaqachon oʻlgan ekan. Agar mening oʻgʻlim hayot boʻlganida, avar onasi oʻrgatgan tilni unutmagan boʻlardi”.
Ha, tilni unutish – oʻzlikni unutish, ildizdan uzoqlashish ekanini shu bir parcha orqali his etganman.
Eʼtibor bering-a, biz sanoqli soʻzlargagina “ona” soʻzini qoʻshib ishlatamiz: ona tabiat, ona vatan va ona tili. Shunday ekan, ona tiliga hurmat ham onaga boʻlgan hurmat-u eʼzozga yaqin boʻlishi kerak, desam, aybga buyurmassiz?!
Bugun oramizda oʻsha avar onaning, oʻsha rassomning holiga tushganlar bormi-yoʻqmi, bilmayman. Biroq ona tiliga hurmat hali maqtangulik darajada emasligi barchaga yaxshi ayon.
Xoʻsh, nima qilmoq kerak?
Bu sohada bajariladigan ishlar, qabul qilinadigan rasmiy hujjatlar oʻz yoʻliga. Koʻp narsa siz-u bizga bogʻliq. Oʻzgarshni oʻzimizdan boshlashimiz kerak. Aytaylik, men “obed”ni “tushlik” desam, siz kulmasangiz, siz “lineyka”ni “chizgʻich” desangiz, men kulmasam, balki sekin boʻlsa-da, oʻzgarish boʻlar… Xullas, tilimiz tilim-tilim boʻlmas… Har holda, men shunga ishonaman, ishongim keladi doim.
Alisher ASATULLAYEV,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi xodimi,
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi.
