Ochig‘i, bu maqolning ma’nosiga unchalik tushunmaganman. Nega kampirning dardi g‘o‘zada bo‘lishi kerak? Yaqinda O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova bilan safarda yurganimizda shu maqol haqida gap ketdi. Opa: “Eshitganim bor. “Kampirning dardi g‘o‘zada” emas, g‘ozada. Abdulla Qodiriy ham g‘oza so‘zini ishlatgan ekan” deb qoldi.
Shundan keyin ichimga g‘uluv tushdi. Uyga kelib, o‘zim ko‘p qaraydigan – “Ma’nolar maxzani” kitobini varaqladim. Unda bu maqolga berilgan sharhda shunday joyi bor: “Chol: E Xudo, tilla to‘la ko‘za ber”, deydi. Kampir: “E Xudo, savat to‘la g‘o‘za ber”, deydi. Ilgari aksariyat kampirlar kunlarini g‘o‘za(ko‘sak) chuvish, charx yigirish bilan o‘tkazardilar. Mazkur maqolni: “Har kim o‘zi yaxshi ko‘radigan, o‘z tirikligini ta’minlaydigan, o‘ziga ermak, huzur-halovat baxsh etadigan narsalar haqida o‘ylaydi, o‘shanga erishish harakatida bo‘ladi” degan ma’noda qo‘llaydilar”. Bir qarashda bu sharh to‘g‘riga o‘xshaydi. Lekin…
Men bu kitobdan so‘ng “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dan g‘oza so‘zini izladim va quyidagi sharhni o‘qidim: GʻOZA. (f. Ayollar yuziga suradigan qizillik, elik). esk. Yuzga suradigan qizil rangli pardoz buyumi, elik. Kampirning dardi g‘ozada. Har kim o‘z tashvishi, o‘z istagi, maqsadi haqida o‘ylaydi yoki qayg‘uradi, degan ma’noda ishlatilgan matal.
Mana bu boshqa gap. Bu yerda maqol va matallarimizga xos kinoya bor, tilimizga mos kesatish bor, milliy qarashlarimizga yarasha mantiq bor, muhimi badiiyat bor. Menimcha, chol-u kampir aytishuvida ham cholning tilla to‘la ko‘za so‘rashi bor gap. Lekin kampir savat to‘la g‘o‘zamas, savat to‘la g‘oza so‘ragan bo‘lsa kerak.
Alisher Navoiy ham g‘oza so‘zini upa-elik ma’nosida ishlatgan ekan:
Yasadi beqiyos-u andoza,
Sabzadin vo‘sma, loladin g‘oza. (“Sab’ayi sayyor” dostonidan.)
Eshqobil SHUKUR
“Jadid” gazetasining 2024-yil 15-noyabrdagi 47-sonida
