Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganligiga 35 yil to‘ldi

Ushbu munosabat bilan Qoraqalpog‘istonda bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Dastlab Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida bayramga bag‘ishlangan katta tadbir tashkillashtirildi.

Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining 35 yilligi  munosabati bilan chop etilgan yangi kitoblar taqdimoti tashkil etildi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan nashr qilingan “Mamleketlik tilde is jurgiziw tiykarlari” va “Davlat tilida ish yuritish asoslari”, “Qoraqalpog‘istondagi o‘zbek shevalari etnografizmlari” kitoblari bayramga munosib sovg‘a bo‘ldi.

Tadbirni  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi G‘ofur Eshmurodov kirish so‘zi bilan ochib berdi.   Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining maslahatchisi, departament boshlig‘i Perdeg‘aliy Dabilov, O‘zbek tili, adabiyoti va folklor instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudov,   O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim,  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malakasini oshirish markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi rahbari Farhod Bobojonov, Qoraqalpoq davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori (DSc) Dauletnazar Seytkasimov,   Qoraqalpoq davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa fanlari doktori (PhD) Oybek Nurjanov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov, Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori Azizjon Eminovlar Qoraqalpoq tili ravnaqi yo‘lida qilinajak dolzarb mavzular yuzasidan ma’ruza qilishdi.

So‘ngra Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamkorligida Qoraqalpog‘istonda faoliyat olib borayotgan oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida tashkil qilingan “Ommaviy diktant” tanlovi g‘olib va sovrindorlari taqdirlandilar.

Tadbir davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasida qoraqalpoq tili rivojiga munosib hissa qo‘shgan vazirlik, idora, tashkilot xodimlarini, “Boburnoma” asarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilgan ijodkorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar  bu singari tanlovlar Qoraqalpoq tilining nufuzi va mavqeyini oshirishda o‘ziga xos o‘rin tutib kelayotganini ta’kidladilar.

Bayram tantanalari respublika milliy teatrida davom etdi.

Qoraqalpoq qardoshlarimizga millat bayrami muborak bo‘lsin!

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan