Milliy til – milliy birlik vositasi

Toshkent davlat agrar universitetida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tashkilot va muassasalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar, davlat tilini joriy qilish borasidagi faoliyatni jamoatchilik asosida tashkil etishga mas’ul etib belgilangan tashkilotchilar xodimlari uchun amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Eshmirza Abdualimov so‘zga chiqib, mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatida mavqeyini mustahkamlash, til siyosatini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berib o‘tdi.

Shundan so‘ng, seminarga taklif etilgan bir qator soha mutaxassislari tashkilot va muassasalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar borasidagi faoliyatni rejalashtirish, ularni tizimli ravishda o‘tkazish va natijadorligini oshirishning o‘ziga xos jihatlari, kasbiy faoliyatda va targ‘ibot ishlarida notiqlik mahorati va kommunikativ kompetentlik mavzularida taqdimotlar o‘tkazishdi.

Shu jumladan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori Azizjon Eminov, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i Suxrob Xidirov hamda bir qator mutaxassislar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Shuningdek, seminarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirishda kasaba uyushmasi boshlang‘ich tashkiloti bilan hamkorlikdagi faoliyatning o‘ziga xos jihatlari, tashkilot va muassasalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil qilishning amaliy jihatlari hamda tashkilot va muassasalarda davlat tilida ish yuritish tartib-qoidalari bo‘yicha o‘z jamoalarida amalga oshirishi lozim bo‘lgan vazifalar ham atroflicha muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida, 107 nafar ishtirokchini o‘zida jamlagan amaliy seminar 6-7-yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan