Tanglay va ko‘makay

«O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da tanglay so‘ziga shunday izoh berilgan: «Tanglay – og‘iz bo‘shlig‘ining yuqori devori; qattiq va yumshoq tanglaydan iborat bo‘lib, og‘iz bo‘shlig‘ini burun bo‘shlig‘idan ajratib turadi». Demak, tanglay so‘zi og‘iz bo‘shlig‘ining yuqori devorini anglatadi.

Xo‘sh, tilimizda tilning tanglayga qo‘shilgan joyini ifodalab beradigan yaxlit bir so‘z bormi? Bor. Lekin u izohli lug‘atimizga kirmay qolgan. Bu so‘z hozir ham tilimizda ishlatiladi.

To‘ra Nafasov «Qashqadaryo o‘zbek xalq so‘zlari» kitobida ko‘makay degan so‘zni keltiradi va uni «tilning tanglayga qo‘shilgan joyi» deb izohlaydi. Ehtimol, bu so‘z sheva so‘zi deb izohli lug‘atga kiritilmagandir.

Holbuki, bu so‘zni Alisher Navoiy ham ko‘mak shaklida ishlatgan:
Kuydum ishqimni ayon aylamagimdin,
Chekkay edilar kosh tillarimni ko‘magimdin.
(«Badoyeul-vasat» devonidan)

«Navoiy asarlari lug‘ati»da ko‘mak so‘zi «tanglay» deb izohlangan. Lekin yuqoridagi baytga diqqat qilsangiz ko‘mak «tanglay»dan ko‘ra, tilning tanglayga qo‘shilgan joyini ifodalab kelayotganini sezasiz. Chunki baytning ikkinchi satri «Koshki tillarimni ko‘magimdan (tanglayga qo‘shilgan joyidan) sug‘urib olsalar» degan mazmunda kelayapti. Navoiy ham bu so‘zni xalqdan olgan. Zotan, xalq orasida hozirgacha «Tili ko‘makayidan uzilsin» degan bir qarg‘ish yuradi.

Tilimizda ko‘ma so‘zi «uyum, to‘plam» ma’nosini anglatadi. Bu haqda izohli lug‘atda ham aytilgan. Ehtimolб ko‘makay so‘zi shunga aloqadordir. Agar tilingizning tanglay bilan tutashuvchi ost qismiga til tekizib ko‘rsangiz, u yerda kichik tomirlar to‘plami borligini sezasiz. Lekin bu yo‘l-yo‘lakay kelgan shunchaki bir taxmin, xolos. «Turkiy tillar etimologik lug‘ati»da ko‘makay so‘zining qozoq, boshqird, qalmoq kabi turkiy tillarda borligi ham aytib o‘tilgan.

Bu so‘z ildizi mo‘g‘ul tiliga borib taqalishi mumkinligi ham qayd etilgan. Mo‘g‘ulchada kѳmey so‘zi «halqum, bo‘g‘iz, tomoq» ma’nolarini
bildiradi deyilgan. Boshqird tilida ko‘makay – ko‘mak – tanglay, qozoq tilida – «kichik til», qalmoq tilida – «shish, g‘urra, qo‘shtomoq, kekirdak» mazmunini bildiradi.

Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida O‘makay degan bir qishloq bor. Bu qishloq O‘makay jiz degan taomi bilan mashhur. Men o‘makay so‘zida ko‘makay so‘ziga yaqinlik ko‘rib, shu yerlik aholidan bu qishloq nomining ma’nosi haqida so‘radim. Oqsoqollar aytishdiki, o‘makay «bo‘g‘iz, halqum» ma’nosini bildiradi, u ko‘makay so‘zining o‘zgargan shakli. Bu qishloq bir zamonlar soyliq bo‘g‘zida joylashgan kichik bir qishloq bo‘lgan. Shundan O‘makay deb atalgan deyishdi.

BOBOSO‘Z IZIDAN
(So‘zlar bilan so‘zlashuv)
✍️Eshqobil Shukur

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan