Joriy yilning 13-avgust kuni Sharof Rashidov nomidagi Jizzax viloyati Axborot-kutubxona markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamda O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamkorligida nashr etilgan ilmiy va ma’rifiy ahamiyatga ega yangi adabiyotlar taqdimotiga bag‘ishlangan ilmiy-adabiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda 4 jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”, “Zarif so‘z ziyorati” hamda “O‘zbek tili omonimlari lug‘ati” kitoblarining mazmun-mohiyati, ilmiy qiymati va o‘zbek tili hamda adabiyotini o‘rganishdagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi rahbari A.Eminov, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti professori A.Hasanov, Jizzax viloyati hokimining Ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi B.Mavlyanov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limi rahbari M.Abduraxmonova hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda Jizzax viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari axborot-kutubxona markazlari rahbarlari, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ixtisoslashtirilgan ijod maktabi jamoasi, tuman va shahar hokimlarining Ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari, tuman va shahar axborot-kutubxona markazlarining mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Tadbir davomida “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ning buyuk mutafakkir hayoti va ijodiy merosini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganish, Navoiyshunoslik yo‘nalishidagi tadqiqotlarni boyitishdagi o‘rni alohida qayd etildi.
Shuningdek, “O‘zbek tili omonimlari lug‘ati” o‘zbek tilining leksik qatlamini chuqur o‘rganish, omonim birliklarning ilmiy tavsifini berish va tilshunoslik tadqiqotlarini rivojlantirish nuqtayi nazaridan muhim manba ekani ta’kidlandi. “Zarif so‘z ziyorati” nashrining esa o‘zbek so‘z san’ati, adabiy-estetik tafakkur va milliy ma’naviy merosni anglashdagi ahamiyati haqida fikrlar bildirildi.
Taqdimot davomida mazkur nashrlarning ilmiy tadqiqotchilar, filologlar, pedagoglar, talabalar, ijodkorlar hamda keng kitobxonlar ommasi uchun muhim ilmiy-ma’rifiy manba sifatidagi ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur ilmiy nashrlarning chop etilishi o‘zbek tili va adabiyoti tarixini chuqur o‘rganish, milliy ilmiy merosni tizimlashtirish, navoiyshunoslik va o‘zbek tilshunosligi tadqiqotlarini yangi ilmiy manbalar bilan boyitish yo‘lidagi muhim qadamdir…

