Namangan viloyatida ona tilimiz rivojiga bagʻishlangan yangi kitoblar taqdimoti yuqori saviyada o‘tkazildi

2026-yilning 15-sentabr kuni Namangan shahridagi Nodirabegim nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida oʻzbek tili va adabiyoti xazinasini boyitishga xizmat qiluvchi uchta yirik asar — 4 jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”, “Oʻzbek adabiy tili imlo qoidalarining shakllanish tarixi” hamda “Oʻzbek tili omonimlari lugʻati” kitoblarining rasmiy taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi.

Mazkur nufuzli tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi, Namangan viloyati hokimligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamkorligida tashkil etildi.

Marosimni Namangan viloyati hokimining maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi Iroda Sodiqovna Qoʻchqarova olib bordi. Dastlab, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi direktori Azizjon Gʻulomjonovich Eminov kirish soʻzi bilan chiqish qilib, ushbu nashrlarning ilmiy, tarixiy va amaliy ahamiyati haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, ishtirokchilar e’tiboriga “Til – millat koʻzgusi, uni asraylik” nomli ta’sirchan videorolik namoyish etildi.

Tadbirning asosiy qismida soha yetakchilari va olimlar tomonidan yangi kitoblarning batafsil taqdimoti o’tkazildi. Xususan, Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi direktori, filologiya fanlari doktori, professor Inomjon Mamasodiqovich Azimov “Oʻzbek adabiy tili imlo qoidalarining shakllanish tarixi” kitobining mazmun-mohiyatini jamoatchilikka tanishtirdi. So‘ngra, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filolologiya fanlari doktori Zohida Rasulovna Muqimova monumental asar hisoblangan 4 jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” hamda “Oʻzbek tili omonimlari lugʻati” kitoblarining yaratilish tarixi va ilmiy qimmati xususida ma’ruza qildi.

Dastur davomida namoyish etilgan “Bekat” va “Oʻzbekcha soʻylaganim rost” kabi ma’rifiy videoroliklar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, Namangan Davlat Universiteti Oʻzbek tilshunosligi kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Nosirjon Muhammadaliyevich Uluqov ham soʻzga chiqib, oʻzbek tili sofligini asrash, uni ilmiy jihatdan tadqiq etish va rivojlantirish borasidagi oʻzining qimmatli fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.

Ushbu taqdimot marosimi davlatimiz tomonidan ona tilimiz rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi va tadbir ishtirokchilari, olimlar, ijodkorlar va yoshlar tomonidan yuksak baholandi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan