Qo‘qon nodavlat universiteti Andijon filialida “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktor o‘rinbosari Maqsudjon Asadov, ensiklopediyani nashrga tayyorlashda ishtirok etgan ijodiy guruh a’zolari, Qo‘qon nodavlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zebo Qobilova, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Xurshida Vahobjon qizi, shuningdek, adabiyotshunos olimlar, filial o‘qituvchilari, talaba yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ning nashrga tayyorlanish jarayonlari, nashrning ilmiy, badiiy ahamiyati haqida gapirdi, mazkur ensiklopediya navoiyshunoslik fanini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim rol o‘ynashi alohida ta’kidlandi.
Nashrga tayyorlagan ijodiy guruh tomonidan ensiklopediya Qo‘qon universiteti Andijon filiali kutubxonasiga sovg‘a qilindi.
Andijon viloyati namunali maqom ansambli san’atkorlari tomonidan Navoiy g‘azallari bilan aytilgan qo‘shiqlar ijro etildi, filialning Filologiya va tillarni o‘qitish ta’lim yo‘nalishi talabalarining Navoiy ijodiga oid chiqishlari, sahna ko‘rinishlari tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi.
Taqdimotdan so‘ng tadbir ishtirokchilari, mehmonlar Qo‘qon universiteti Andijon filialining asosiy kampusi, talabalarning o‘qishi, bilim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.