O‘zbek tilida xizmat ko‘rsatmagan “WizzAir” xodimlariga nisbatan chora ko‘rildi

Raqobat qo‘mitasi olib borgan o‘rganishlar natijasida WizzAir aviakompaniyasi O‘zbekistonga  reyslarida o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydigan bo‘ldi.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, havo transportida xavfsizlik qoidalari hamda ma’lumotlar barcha yo‘lovchilar uchun aniq va tushunarli berilishi muhim. Uchish davrida xavfsizlik qoidalari haqidagi ma’lumotlar xorijiy tilda berilishi yo‘lovchilarni tushunmovchilik va yoki qiyinchilikka olib kelishi mumkin.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Rasul Kusherbayevning Samarqand—Abu Dabi yo‘nalishi bilan WizzAir aviakompaniyasi tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlardan foydalanganda aynan shunday muammoga duch kelgani yuzasidan qoldirgan murojaatini ko‘rib chiqdi. O‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, murojaatchining uchish davrida aviakompaniyaning ekipaj a’zolari tomonidan xorijiy tilda xavfsizlik qoidalari haqida ma’lumot berilgan, bu qoidalarni o‘zbek va rus tillarida tushuntirib berishlari so‘ralganida xodim unga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lgan, bortni tark etishni talab qilgan va shu tarzda fuqaro mazkur reysda Abu Dabiga yetib borgan.

Qo‘mita tomonidan Transport vazirligiga o‘rganishlar yuzasidan so‘rov xati yuborilgan. Natijada o‘zboshimchalik bilan xatti-harakatlarni amalga oshirgan mazkur aviakompaniya xodimlariga nisbatan chora ko‘rildi. Yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishda yuzaga kelgan kamchilik va xatolarni bartaraf etish maqsadida ekipaj a’zolariga parvozlar xavfsizligini ta’minlash, muomala madaniyati, har bir mamlakatning parvozga aloqador qonunlari va tartib-taomillari hamda aviayo‘lovchilarni hurmat qilish bo‘yicha o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, aviakompaniya 2025-yilda O‘zbekistonga xizmat ko‘rsatuvchi har bir havo kemasida bort kuzatuvchi va xizmat ko‘rsatuvchi personallar o‘zbek tilida faoliyat yuritishini yo‘lga qo‘yilishi ta’minlandi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan