Xalqimizda “sut bilan kirgan jon bilan chiqadi” degan naql bor. O‘zbekiston Respublikasi koreyslar madaniyati markazlari assotsiatsiyasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pak bilan suhbatlashgan odam uning koreys millatiga mansub ekaniga shubha qiladi. Sababi, Viktor aka (uni ko‘pchilik shunday ataydi)ning qoniga o‘zbek tili ona suti bilan singgan. U O‘zbekistonsiz o‘zini, o‘zbeklarsiz hayotini, o‘zbek tilisiz muloqotni tasavvur eta olmaydi. Shu yerni yerim deb, shu elni elim deb, shu tilni tilim deb yashaydi.
Viktor PAK:
– Bir tadbirda hurmatli bir inson menga “Viktor Nikolayevich, sizga rahmat, bizni davlatimizni hurmat qilasiz” dedi. Biroz og‘ir botdi. “Shoshmay turing, aka, nega siz “bizni” deyapsiz? Men O‘zbekiston fuqarosiman, bu mening davlatim!” dedim. Quloqqa yomon eshitildi-da. Xuddi men begona-yu boshqa davlatdan kelib qolganday…
O‘zbekiston – mening Vatanim, Bekobodda tug‘ilganman. Tuproq yo‘llarda, ko‘cha changitib katta bo‘ldim.
Do‘stlarimning deyarli hammasi – o‘zbeklar. Ikki oylik chaqaloqligimda koreys ota-onam boshqa-boshqa turmush qurib, meni tashlab ketishgan. Buvim nima berib boqishni bilmay qiynalganida, o‘zbek onam – To‘xtaxon aya chirqillab yotgan men go‘dakni chaqalog‘iga qo‘shib emizib boqqan. Keyinchalik ham To‘xtaxon onam tandirga bug‘doy unidan yopgan kulchanonlarni yeb ulg‘aydim. Qanday qilib o‘zbek tilini bilmasligim mumkin edi axir? Butun hayotim shu yerda o‘tdi. O‘zbek onadan sut emdim, o‘zbek urf-odatlari ichida yashadim. Eng yaqin og‘aynilarim o‘zbek yigitlari. Bilmadim, negadir koreys markaziga rahbar bo‘lib ishlasam-da, ko‘proq o‘zbeklarga yaqinroqman.
Mahallada ko‘rib o‘sganimday katta oilamni bitta uyga jamlaganman. O‘zbeklarning bir dasturxon atrofida o‘tirishlariga havas qilar edim. Hozir uyimda xuddi shunday hayotni joriy qilganman. Har hafta o‘z qo‘llarim bilan osh pishiraman. Ba’zilar “Viktor aka, qanday qilib ikki kelinni bir uyda olib o‘tiribsiz?” deb so‘rashadi. Ularga shunday deyman: “Men Oliy Majlis deputatiman, uyda ham deputatlik qildim. Birinchi kelinimni tushirib kelishdan oldin oilamiz uchun qonun ishlab chiqdim.
Bu qonun uch bobdan iborat: 1. Bu uyda adasi har doim haq! 2. Mabodo ada nohaq bo‘lsa, birinchi bob o‘qilsin! 3. Bu qonun muhokama qilinmaydi!”
Bu, albatta, hazilnamo gap. Lekin ikki o‘g‘il, ikki kelin, besh nabiram bir uyda ahil-inoq yashayotganimiz rost. Janjal, kelishmovchilik yo‘q. Axir shunday hayotni deb, “seni olib qolamiz” deyishganiga ko‘nmay, harbiy xizmatdan O‘zbekistonimga qaytganman. Bo‘lmasa meni kutib o‘tirgan ota-onam, opa-ukalarim ham yo‘q emas edi. To‘xtaxon onam yopib yedirgan bug‘doy nonning ta’mini hech nimaga alisholmadim. Shu non haqqi, o‘g‘li Mamasoli bilan qaynoq sutga botirib kallaqand qo‘shib yegan kulchalarimizning lazzati deb qaytdim.
Namanganda zavodda ishlagan kezlarim o‘zbek onamni ko‘rgani keldim. Uning eri urush ko‘rgan, juda yaxshi inson edi. Onam bilan so‘rashib turgan joyimizda etigining qo‘njidan pichog‘ini chiqarib yugurib ketyapti. Oldidan to‘sib chiqdim. Bildimki, o‘zi ikki boshgina qo‘yining birini so‘ymoqchi. “Ada-cha, ada, besh kilo go‘sht olib kelganman, yomon bo‘lib qoladi”, deb zo‘rg‘a to‘xtatdim. O‘rtaholgina, lekin ana shunday bag‘rikeng odamlar edi ular. Axir shunday insonlar bor joyda o‘zbek tilini o‘rganmay bo‘ladimi? Qanday qilib men ular bilan koreyscha yo ruscha gaplashaman? Axir bu odamlar meniki, ularning tili mening ham tilim-ku. Toki, O‘zbekistonda tug‘ilsang, yashasang, o‘qisang, oilali bo‘lsang, bu el tilini bilishing shart! Axir bu bizning yurtimiz. Mana shu mamlakatning fuqaroligini olib, Vatanim degan har qanday millat vakili uning tilini o‘rganishi kerak, meningcha.
Hayotim haqida “Taqdir ufqlari” nomli kitob yozdim. Albatta, adabiy tilda yozolmasligim mumkin deb, o‘zbekchaga badiiy tarjima qildirdim. Kitob ikki marta nashr etildi. Koreys yo rus tilida emas, nega aynan o‘zbekchada chop ettirganimning sababi, bu kitobni o‘zbeklar o‘qisin dedim. Qishloqdoshlarim qo‘liga yetib borishini, o‘zbek do‘stlarimga taqdim qilishni xohladim. Kitob syujetlari asosida “Qizg‘aldoqlar qachon ochiladi?” nomli badiiy film ham olindi. “Taqdir ufqlari” mening o‘z yurtimga arzimasgina armug‘onim bo‘ldi. Ko‘ngilda esa, hech qachon tugamaydigan mehr bor, muhabbat bor.
manba : Muhayyo PIRNAFASOVA yozib oldi. “Jadid” gazetasining 2025-yil 17-yanvardagi 3-sonida
