Keyingi vaqtlarda o‘zbek tilining mavqeyi haqida bildirilayotgan ko‘plab fikr-mulohazalarni o‘qishimizga to‘g‘ri kelayapti. Xullas, soha mutaxassislari ham, oddiy odamlar ham, talabalar ham uning jamiyatimizda egallagan o‘rnidan rozi emas. Muammo shundaki, tilning jamiyatdagi mavqeyini har qancha qaror-u farmonlar bilan ham, janjal-u majlislar bilan ham mustahkamlab bo‘lmaydi. Faqatgina jamiyatda kitobxonlikni muttasil rivojlantirish, targ‘ib etish lozim.
Munavvar qori tayyorlagan boshlang‘ich sinf darsligida 50 ga yaqin sodda, lekin ibratli hikoya va she’rlarni, Elbekning “O‘rnak” darsligida yuzdan ortiq maqol va matallarga boy ibratli hikoyalarni sanadim. Ular o‘quvchilarning ongiga milliy qadriyatlar va o‘zlikni singdirgan. Bolalarimizda badiiy tafakkurni o‘stirish uchun bayon va insholarni qaytarish kerak…
Muomalaga yangi so‘z kirib kelayaptimi, jamiyat ongiga muhrlanib ulgurmasidan ziyolilarimiz bu chetso‘zning o‘zimizga qulayroq bo‘lgan shaklini hozirjavoblik bilan taklif etishi kerak. Bu, avvalo, lug‘atlar orqali, qolaversa turli ommaviy axborot vositalari orqali amaliyotga tatbiq qilinishi muhim. Aks holda muammo chigallashgandan chigallashaveradi.
Shu o‘rinda yana jadid bobolarimizning tajribasi bizga qo‘l keladi. Ular o‘tgan asrning boshlarida jamiyatda yangi munosabatlarning qaror topishi jarayonida minglab chetdan kirib kelayotgan yangi so‘z va birikmalarga qarshi o‘zlarining ehtiyot choralarini qo‘llaganlar. Jumladan, 20–30-yillarda kimyo, meditsina, texnika, san’at, siyosat, iqtisod, harbiy sohalarga tegishli qator lug‘atchalar yaratib, zudlik bilan ommaviy nashrlar va darsliklarga joriy etganlar.
Taniqli davlat arbobi Nazir To‘raqulovning 1922-yilda chop etilgan “Rus-o‘zbek tilining siyosiy va iqtisodiy lug‘atchasi” hamda G‘ozi Olim (Yunus)ning 1926-yilda nashr qilingan “Ruscha-o‘zbekcha qisqa huquqiy va siyosiy lug‘at”larini varaqlab ko‘rdim. Ular o‘z vaqtida tashabbus ko‘rsatib, o‘zbek tilining umrini bir asrga uzaytirib ketdilar, desak aslo xato bo‘lmaydi. Garchi, o‘zlari mustabid tuzum qatag‘oni ortida mahv etilgan bo‘lsalar-da, shundan so‘ng ularning (Fitrat, Elbek, Sattor Jabbor, Nazir To‘raqul, G‘ozi Olim, G‘ozi Yunus – ularning soni jami 20 ga yaqin) nomlari biror joyda qayd etilmasa-da, taklif etgan so‘zlarining aksarini biz hamon istifoda etib kelmoqdamiz.
