“Maorif va oʻqutgʻuchi” jurnalining 1927-yil nashridagi xabardan bir qismini e’tiboringizga havola qilamiz (Maarif va oʻqutgʻuchi. – Tashkent, 1927. – № 3-4. –B.61)

Matnning hozirgi yozuvdagi tabdili:

Xabarlar

Kallegiyaga berilgan axbaratdan ma’lum boʻldikim, oʻzbek alifbasini latinlashtirish toʻgʻrisida qilingʻan uch ayliq ish qanaatlanirliq darajadadir.

Oʻzbekistanda latin alifbasini tezdan amalga ashirish uchun kallegiya quyidagʻi charalarni koʻrishni lazim tapdi:

  1. Yangi oʻzbek alifba kitabi tuzush ham basdirish.
  2. Imla tartiblari tuzush.
  3. Rahbarlar tayyarlash uchun markaziy qurs tashkil qilish va mahallalarda latinchilar tevaraklari tashkil etish.
  4. Oʻzbek Jumhuriyatining hamma oʻrta maktablarida alifbani latinlashtirishning majburiy bir dars haligʻa kirgizilishi uchun reja tuzish.
  5. Vilayat yangi alifba qoʻmitalarigʻa ishlash uchun tegishli qoʻllanma berib, yaqin arada ularni tartibga qoʻyish.

Oradan yuz yil oʻtib tarix qaytarilyapti. Yuz yil avvalgi muammo hozirgi kunda yana kun tartibiga chiqdi. Biz lotin alifbosiga oʻtish boʻyicha jadid bobolarimiz kabi harakat qila olyapmizmi? Jamiyatning bu masalaga munosabati qanday? kabi ogʻriqli savollarga yetarlicha ijobiy javob yoʻq, chunki lotin yozuviga oʻtish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining alohida qarori (2021-yil 10-fevraldagi 61-sonli) boʻlishiga qaramasdan, bitta yozuvga oʻtishga shoshmayapmiz, afsuski. Buni ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari faoliyatini kuzatish orqali koʻrib turibmiz…

Hurmatli, hurmatlilar! Bir qarorga kelinglar endi, ikki yozuvlik mashmashasidan qutulaylik, lotinmi, kirilmi degan bema’ni savollar hech kimning boshini qotirmasin!

 

✍️ f.f.n., dots. I.Azimov