Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada yangi kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

2023-yil 27-iyulda  Milliy kutubxonada O‘zbekiston Respublikasi Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamkorligida  Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga chop etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati”, “O‘zbek tilining frazelogik lug‘ati”, “O‘zbek xalq so‘zlari” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotni Milliy kutubxona rahbari U.Alimjanova ochib berdi. O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori A.Eminov hamda lug‘at tuzuvchilaridan filologiya fanlari doktori, professor Yorqinjon Odilov  so‘zga chiqib, chop etilgan lug‘atlarning ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bayon etdi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning yaratilishi haqidagi “Alifbo tartibidagi olam” hujjatli filmi namoyish etildi.

Lotin yozuvdagi olti jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” hozirgi o‘zbek adabiy tilida keng iste’molda bo‘lgan 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmalarini, fan, texnika, san’at va madaniyat sohalariga oid terminlarni, bir necha shevada qo‘llanadigan so‘zlarni, ba’zi tarixiy va eskirgan atamalarni o‘z ichiga oladi. Lug‘atning yangi nashri 3000 dan ziyod yangi lug‘aviy birliklar bilan to‘ldirilgan bo‘lib, ular o‘zbek xalq shevalari, xalq so‘zlashuv tilidan hamda boshqa davlatlar bilan o‘zaro iqtisodiy, siyosiy, madaniy aloqalar natijasida o‘zbek tiliga xorijiy tillardan kirib kelgan so‘zlardan iborat. Shuningdek, lug‘at juda ko‘p illyustrativ misollar bilan ham boyitildi, so‘zlar ma’nosining izohlari takomillashtirildi. Ushbu lug‘atda keyingi davr o‘zbek tili lug‘aviy tarkibida sodir bo‘lgan ma’noviy o‘zgarishlar ko‘rsatib berildi.

“O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati”da ilk marta ona tilimizning boyligi hisoblangan leksik sinonimlarning keng qamrovli leksikografik talqini amalga oshirilgan. Lug‘at hozirgi o‘zbek adabiy tili uchun xarakterli bo‘lgan sinonimik qatorlarni o‘z ichiga oladi. Undan nafaqat adabiy tilga, balki o‘zbek xalq shevalari hamda tarixiy qatlamga oid sinonim so‘zlar ham o‘rin olgan. Bu esa o‘zbek tili sinonimlari haqida keng va to‘liq tasavvur hosil qilishga xizmat qiladi. Lug‘atdan leksik sinonimlarning leksikografik izohlari, sinonimik qatordagi so‘zlarning ma’no nozikliklari, bu ma’noviy farqlanishlarni dalillovchi, ijobiy-salbiy bahosi hamda uslubiy o‘ziga xosliklarini ko‘rsatuvchi illyustrativ misollar o‘rin olgan. Lug‘atga faqat mustaqil so‘zlardan iborat sinonimik qatorlargina emas, balki yordamchi so‘z turkumlari doirasidagi sinonimik qatorlar ham kiritilgan.

Sh.Rahmatullayev, N.Mahmudov, Z.Xolmanova, I.O‘razova, K.Rixsiyevalar hammuallifligidagi “O‘zbek tili frazeologik lug‘ati” Sh.Rahmatullayev tomonidan yaratilgan “O‘zbek tilining frazeologik lug‘ati” (1992) asosida tuzilgan bo‘lib, unga qo‘shimcha ravishda 397 ta arxaik ibora, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” (2006-2008), “O‘zbek frazeologiyasidan materiallar” (H.Berdiyorov, R.Rasulov, B.Yo‘ldoshev; 1976, 1983) qo‘llanmasi va shevalar asosida to‘plangan 1801 ta frazeologik birikma izohi kiritildi. “O‘zbek tili frazeologik lug‘ati” adabiy til va shevalarda, mumtoz tarixiy manbalarda mavjud iboralar tizimini o‘z ichiga oladi. Lug‘atni yaratishda frazeologizmlar shakllanishi, rivojlanishi, tarixiy taraqqiyotiga oid ilmiy tadqiqot natijalari, monografiyalardan foydalanildi. Ushbu lug‘at ijodkorlar, tadqiqotchilar, magistrantlar, talabalar, o‘quvchi-yoshlar, keng doiradagi foydalanuvchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, 5198 ta frazeologik birlik izohini o‘z ichiga olgan.

Musayeva Feruzaning “O‘zbek xalq so‘zlari” kitobida sheva so‘zlari, iboralari hamda o‘ziga xos bo‘lgan xalq so‘zlari izohlab berilgan. Shuningdek, ba’zi sabablar bilan lug‘atlarga kiritilmagan shevaga xos so‘zlar ham ushbu kitobda birinchi marta izohlab berildi. Lug‘atdagi birliklar izohi M.Qo‘shjonov, K.Avaz, M.Abdulhakim, L.Bo‘rixon, S.O‘nar, H.Sattoriy, M.Safarov, H.Alp, I.Sulton, I.Mirzo, A.Damin, A.Suyunov va boshqalarning badiiy asarlaridan olingan illyustrativ misollar bilan ta’minlangan. Lug‘atda milliy urf-odatlar, shuningdek, mamlakatimizning nabotot va hayvonot olamini ifodalovchi xalqona so‘zlar va iboralarga keng o‘rin berilgan. Lug‘atning avvalida “Olamning dialektal manzarasi va nominatsiya” nomli maqola berilgan bo‘lib, unda o‘zbek shevalarini yangicha o‘rganish zarurati asoslangan, nomlash tamoyillari shevaga xos so‘zlar misolida ko‘rib chiqilgan.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan