Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida yangilangan va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ilk bor chop etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri, atoqli shoir Nodir Jonuzoq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Dilshod Kenjayev, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasining direktori Azizjon Eminov va boshqalar ona tilimizni asrab-avaylash dolzarb ekanini, bunda ustoz-pedagoglarga tayanish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladi.
Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan ona tilimizdagi har bir so‘zni avaylash, uning ma’nolarini o‘rganish va targ‘ib etish borasida ko‘plab ma’rifiy loyihalar amalga oshirilmoqda.
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktyabrdagi tegishli farmoni bilan tasdiqlangan 2020 – 2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020 – 2022-yillarda amalga oshirish dasturiga asosan ilk bor lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida tayyorlangan va 6 jilddan iborat.
Izohli lug‘at Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi hamkorligida tayyorlangan.
Izohli lug‘atdan hozirgi o‘zbek adabiy tilida keng iste’molda bo‘lgan 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmalari, fan, texnika, san’at va madaniyat sohalariga oid terminlar, bir necha shevada qo‘llanadigan so‘zlar, ba’zi tarixiy va eskirgan atamalar o‘rin olgan.
2020 yilda nashr etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kiril yozuvida 5 jilddan iborat bo‘lgan bo‘lsa, bu nashr 6 jilddan iborat va unga 5 mingga yaqin yangi so‘z kiritildi.
Izohli lug‘atning dastlabki jildlarini tayyorlashda marhum olimlar – akademik Azim Hojiyev, akademik To‘ra Mirzayev, akademik Ernest Begmatov bevosita ishtirok etgan.
Shuningdek, ushbu loyihada filologiya fanlari doktori, professorlar Nizomiddin Mahmudov (rahbar), Yorqin Odilov, Durdona Xudoyberganova hamda filologiya fanlari nomzodlari Abduvahob Madvaliyev, Feruza Musayeva, shu bilan birga tajribali muharrirlar, musahhihlar va boshqa mutaxassislar ishtirok etdi. Umumiy miqdorda mazkur lug‘at ustida yetakchi olimlar, tadqiqotchilarning katta jamoasi fidokorona mehnat qilgan.
Endilikda barcha viloyatlarda izohli lug‘atning taqdimot tadbirlarini o‘tkazish reja qilingan.
Shuningdek, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “O‘zbek xalq so‘zlari”, “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati”, “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”, “O‘zbek tili frazeologik lug‘ati”, “O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati”, “O‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati”, “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati”, “O‘zbek xalq paremalarining sinonimik izohli lug‘ati”, “Nonvoychilik terminlarining izohli lug‘ati” kitoblari ham tayyorlanib, chop etildi. Hozirda mazkur lug‘atning mobil ilovasini yaratish ustida qizg‘in ish olib borilmoqda.
Tadbirda “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning yaratilishiga oid “Alifbo tartibidagi olam” nomli film-videorolik namoyish etildi. Shu yerning o‘zida “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitoblar to‘mlami hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalariga, umumta’lim maktablariga topshirildi.
