Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga Oksford universiteti Sharqshunoslik fakulteti dekani o‘rinbosari, professor Zeyneb Yurakli boshchiligida bir guruh turkolog professorlardan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlarga universitet faoliyati yaqindan tanishtirilib, o‘zbek mumtoz adabiyoti namoyandalari, uyg‘onish davri adabiyotining serqirra ijodkorlari, olim-u fuzalolari, ularning asarlari haqida qiziqarli ma’lumotlar berildi. Muassasaning o‘zbek tili va madaniyatini targ‘ib etishdagi ishlari, «O‘zbek maktabi» faoliyati mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
So‘ng o‘tkazilgan uchrashuvda Oksford universitetida o‘zbek tili kursini ochish va uni metodik qo‘llab-quvvatlash masalasi muhokama etildi. Tomonlar shu yil dekabr oyida Oksford universiteti rasmiy delegatsiyasining tashrifi doirasida hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib oldi, deb xabar beradi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.
