Maslahatchilar yangi kitoblarni qabul qilib olishmoqda

 

O‘zbek tili xalqimizning ko‘p asrlik madaniy, ilmiy-ma’rifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatini namoyon qilayotgan jahondagi boy va qadimiy tillardan biri sanaladi. Mamlakatimizda 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi davlat suvereniteti va mustaqilligi sari qo‘yilgan dadil qadam bo‘ldi. Istiqlol yillarida ona tilimiz tom ma’noda davlat tiliga aylanib, xalqimizni erkin va farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan katta kuchga aylandi. Bugungi globallashuv davrida millat manfaatlarini ta’minlash, avvalo, azaliy qadriyatlarimizni, ona tilimizni asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga keng ahamiyat qaratilmoqda.

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro maydonda obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini qo‘llashni to‘liq ta’minlash, yurtimizda istiqomat qilayotgan boshqa millat va elatlarning tillarini ham qo‘llashda shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek tilining davlat tili sifatida rivojlantirish maqsadlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-oktabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” va 2020-yil 20-oktabrda “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmonlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 10 dan ortiq qarorlari qabul qilindi.

Yurtboshimizning so‘nggi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-sonli Farmoniga asosan 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish Konsepsiyasi tasdiqlandi. Ushbu Konsepsiyaning 2020-2022-yillarda amalga oshirish Dasturida mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish, ta’lim sohasida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholining nutq madaniyatini oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga davlat tilining faol integratsiyalashuvini ta’minlash, xalqaro miqyosda davlat tilining o‘rni va nufuzini oshirish, bu borada hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari ko‘zda tutilgan edi. Ushbu farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida O’zbek tilini rivojlantirish jamg’armasi tomonidan xayrli ishlar amalga oshirildi. O‘tgan yil davomida Jamg’armaning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi o‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bilan hamkorligida “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” to‘ldirilgan va qayta ishlangan nashri birinchi marta lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida olti jilddan iborat kitoblari G‘afur G‘ulom nomidagi matbaa nashriyoti tomonidan chop etildi. Bu lug‘atga hozirgi o‘zbek adabiy tilida keng iste’molda bo‘lgan 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmalari, fan, texnika, san’at, madaniyat sohalariga oid atamalar, bir necha shevalarda qo‘llanuvchi so‘zlar, ba’zi tarixiy va eskirgan atamalar kiritilgan. Lug‘atlarda berilgan so‘zlarning ma’nolari o‘zbek adabiyoti va matbuoti sahifalaridan olingan manbalar bilan izohlangan. Shuningdek, 90 minga yaqin so‘zni o‘z ichiga olgan “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati”, 27 mingdan ortiq so‘z kiritilgan “O‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati” nashr etildi.

Dasturning 4-bandida ko‘zda tutilgan davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarida faol qo‘llanishini ta’minlash hamda internet tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlash, IT dasturiy mahsulotlarning o‘zbekcha ilovalarini yaratish, o‘zbek tilini o‘rgatuvchi kompyuter dasturlarini keng miqyosda amaliyotga tatbiq qilish maqsadida Departamentning O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda “Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi davlat unitar korxonasi bilan hamkorligida “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati” va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamkorligida “Kimyo atamalarining izohli lug‘ati”ni yaratdilar. Ushbu boy va qimmatli ma’lumotlar jamlangan kitoblar sohalarga doir vazirliklarga, ta’lim muassasalariga hamda viloyat va tuman hokimliklarida faoliyat yuritayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilariga Departament tomonidan yetkazib berildi.

O‘zbek tilining o‘tmish tarixi, nutqimizdagi so‘zlarning kelib chiqishi va lug‘at tarkibida o‘zlashgan so‘zlarning etimologiyasini o‘rganish olimlarimiz oldida turgan muhim vazifalardan biri sanaladi. Tilimiz tarixi haqida ko‘plab ilmiy tadqiqot ishlari olib borilib, asarlar, monografiyalar yaratilgan. Xuddi shu Dastur doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi o‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari A.R.Matniyozov va B.Yusupovlar tomonidan “O‘zbek tilining shakllanish va rivojlanish tarixi” ilmiy monogrfiya kitobi O’zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chop etildi. Ushbu monografiya birlamchi yozma manbalar asosida o‘zbek tilining ko‘p ming yillik tarixiy rivojlanishini yoritib bergan qimmatli manbalardan biri bo‘ldi. Unda miloddan oldingi davrlarda hozirgi O‘zbekiston hududida yashagan, o‘zbeklarning ajdodlari hisoblangan turkiy xalq vakillarining eng qadimgi yozma manbalarida qo‘llangan so‘zlar, ularning boshqa xalqlar tillariga ko‘rsatgan ta’siri ilmiy dalillar asosida davrlarga bo‘lib tadqiq etilgan.

Kitobda o‘zbek tili tarixini uchta katta davrga ajratgan holda o‘rganish rejalashtirilgan.

Birinchi davr: O‘zbek tilining shakllanish davri (miloddan avvalgi qadimgi davrlardan milodiy XI asrgacha bo‘lgan davr).

Ikkinchi davr: O‘zbek tilining rivojlanish davri (milodiy XI asrdan XV asrgacha bo‘lgan davr).

Uchinchi davr: O‘zbek tilining taraqqiyot davri: (milodiy XV asrdan hozirgacha bo‘lgan davr). Bunda har bir davr o‘zbek tilining muayyan shakllanish, rivojlanish va taraqqiyot bosqichlarini qamrab oladi. Mazkur monografiyada o‘zbek tilining tarixan shakllanish va rivojlanishning ikki davrini (miloddan avvalgi davrdan milodiy XI va XV asrlarni) Xorazm lingvogeografik areali doirasida yoritib berilgan. Shuningdek, kitob so‘nggida tarixiy qo‘lyozma asarlarning arxivlardan olingan nusxalari ilk bora nashr etilgan.

Ushbu monogrfiyada turkiy xalqlarning kelib chiqishiga oid ma’lumotlarni mazmunan ikkiga ajratib ko‘rsatgan. Biri mifologik, ikkinchisi tarixiy ma’lumotlardir. Mifologik ma’lumotlarda xalq og‘zaki ijodi mahsuli bo‘lgan dostonlar, payg‘ambarlar tarixi, “Avesto”, “O‘g‘izxon” dostoni kabi yozma manbalar bo‘lsa, tarixiy ma’lumotlar sirasiga toshbitiklar (O‘rxun-Enasoy yodgorliklari, Behustun qoyatoshlari, Naqshi Rustam qabrtoshlari), podshohlar tarixiga doir nasabnomalar, xronologiyalar va Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Munis va Ogahiylarning tarix kitoblarida keltirilgan ma’lumotlar berilgan. Demak, bu ilmiy asar tilshunos, adabiyotshunos va tarixshunos olimlar, muallimlar, shu sohada ta’lim olayotgan talabalar foydalanishi uchun qimmatli ma’lumotlarga ega qo‘llanma sanaladi.Bizga taqdim etilgan barcha kitoblar o‘zbek adabiy tilining barqarorlashuviga, nutq madaniyatining yanada yuksalishiga, dunyo hamjamiyatida o‘zbek tilining nufuzining oshishiga katta hissa qo‘shishiga ishonamiz.

Qamashi tuman hokimining maslahatchisi Nasiba Ro‘ziyeva

2024-yil 22-yanvar

 

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan