Ayni kunlarda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri o‘rinbosari B.Shukurov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori A.Eminov hamda Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori I.Azimovlardan iborat guruh Turkiya davlatida xizmat safarida bo‘lib turishibdi.
Safardan ko‘zlangan maqsad:
✔️-turk tili domenida til masalasida texnologiyalardan foydalanish malakasi bilan tanishuv;
✔️- turk tiliga kirib keladigan xorijiy so‘zlarga munosabat;
✔️- Atamashunoslik komissiyasining ishlash tamoyillari;
✔️- til muhofazasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va boshqalar.
Bugun Anqara Hoji Bayram Vali universiteti rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi. Universitet prorektori Kursat Go‘kturk raisligida boshqa prorektorlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. K.Go‘kturk universitet faoliyati, ta’lim muassasasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, o‘zbek tilining o‘qitilishi, hamkorlik masalalariga to‘xtaldi. Hamkorlikda lug‘atlar yaratish, ilmiy sohada hamkorlik qilish takliflari o‘rtaga tashlandi.

O‘z navbatida, guruh rahbari Begzod Shukurov O‘zbekistonda davlat tili sohasida olib borilayotgan ishlar, ayniqsa, bu sohada yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligi davrida jiddiy ishlar olib borilayotgani, o‘zbek tilining nufuzi va mavqeyini oshirishga qaratilgan qator me’yoriy- huquqiy hujjatlar qabul qilingani, shu bilan birga, bu borada boshqa turkiy davlatlar qatori Turkiya tajribasini ham chuqur tahlil qilgan holda, uning ijobiy jihatlarini o‘zbek tiliga tatbiq qilish zarurligini ta’kidladi. Universitetda o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitishga zarur sharoit yaratib bergani, o‘zbek-turk ilmiy hamkorligini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun universitet rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
