Viloyatlardagi taqdimot tadbirlari davom etmoqda

Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Sirdaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda taqdimot tadbiri o‘tkazildi.

9-iyul Guliston shahri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida   “O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati”,  “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Ona tilim mangu makonim”, “Davlat tilida ish yuritish” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

 

“Suralay” degan so‘z ilgari izohli lug‘atlarimizda yo‘q edi, O‘rdaklarning bir turi shunaqa atalishini bilib, uning izohi uchun ko‘p vaqt manba izladik va topdik: qarangki, To‘ra Sulaymon dostonlaridan birida suralay qayd etilgan ekan, sirdaryolik mashhur shoirning ana shu talqinini yangi 6 jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” hamda “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati” kitobiga kiritdik.” — Yorqinjon Odilov.

Tadbirga Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hududiy bo‘linmasi rahbari Hamid Yodgorov moderatorlik qildi. Viloyat hokimi maslahatchisi G‘aybula Yusupov kirish so‘zi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori Azizjon Eminov mazmunli ma’ruzasidan so‘ng “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” yaratilishi haqida tayyorlangan “Alifbo tartibidagi olam” qisqa videoroligi namoyish etildi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, professor Yorqinjon Odilov o‘zi hammualliflik qilgan yangi kitoblar yaratilishi xususida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Professor o‘z ma’ruzasi davomida ana shunday faktlarni, yangi so‘zlar izohlarini qayd etib o‘tdi. Zalni to‘ldirib o‘tirgan oliy ta’lim dotsent va o‘qituvchilari, mutasaddi va jamoat tashkilotlari vakillari, o‘quvchi va talaba yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari qiziqarli anjuman guvohi bo‘ldilar.

Anjumanning davomida taniqli shoir, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi direktorining maslahatchisi Rustam Mirvohid O‘zbekiston Xalq shoiri Erkin Vohidovning tilimiz boyligiga qo‘shgan beqiyos hissasini ta’riflash va ta’kidlash barobarida xorazmlik taniqli shoir, marhum Matnazar Abdukarimning “Darsdan so‘ng” nomli mashhur she’rini hamda o‘zining kishini ana shunday hayajonga soladigan she’rlaridan ishtirokchilarga ulashdi.

 “Yangi kitoblar tuhfa etilgani, nimasini aytasiz, esda qolarli bo‘ldi-da o‘ziyam! Kitobdan ortiq tuhfa bo‘lmaydi, axir!” — Suyun Namozov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.

Taqdimot so‘ngida ishtirokchilarga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan nashr ettirilgan kitoblar tadbir ishtirokchilarga ulashildi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan