Ona tilimizga bag‘ishlangan kitoblar taqdimoti

 

Abu Ali ibn Sino nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” shiori ostida davlat tiliga bag‘ishlangan kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

1989-yil rasman davlat tili maqomiga erishgan ona tilimiz so‘nggi besh yillikda o‘ziga xos munosib nufuz va qadrga ega bo‘lib bormoqda.

Ushbu davrda respublikadagi barcha ish hujjatlari davlat tilida qat’iy yuritila boshlandi. Tashqi yozuv va reklamalar yozuvida davlat tili talablariga rioya etishda sezilarli yutuqlarga erishildi. Ona tilimizni ilmiy jihatdan o‘rganish borasida ham mingga yaqin tadqiqotlar amalga oshirildi.

Albatta, rasmiy hujjatlar yoki ilmiy tadqiqotlarning o‘zi bilangina davlat tili ommaviyligiga erishib bo‘lmaydi. Xususan, nutqimizdagi shunday so‘zlar borki, ularning o‘zbek tilidagi muqobili bo‘lgani holda ko‘pchilik o‘z ona tilini chuqur o‘zlashtirmaganligi sababli uning ajnabiy tillardagi variantlarini qo‘llashadi.

Hatto, qurilish, avtomobilsozlik, tijorat, tibbiyot sohalarida ajnabiy tildagi atamalar davlat tilidagi muqobili bo‘lgani holda rasmiy hujjatlardan ham o‘rin olmoqda.

Mazkur holatlarning oldini olish, tilimizning boy lug‘at bazasi bilan aholini keng tanishtirish maqsadida so‘nggi uch yilda 70 nomga yaqin lug‘atlar tayyorlanib, chop etildi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan chop etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” (6 jildlik), “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati”, “O‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati”, “O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati”, “O‘zbek tili frazeologik lug‘ati”, “O‘zbek xalq so‘zlari”, “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati”, “O‘zbekiston joy nomlari”, “O‘zbek tilining shakllanish va rivojlanish tarixi”, “Kimyo atamalarining izohli lug‘ati” singari adabiyotlar so‘z ilmi sohasi mutaxassislari uchun muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Taqdimotda so‘zga chiqqan viloyat hokimining maslahatchisi A.Rustamov, Vazirlar Makamasining O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi raisi A.Eminov, O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti a’zosi Z.Muqimova, olima B. Jo‘rayeva, shoir Sh. Sulaymon ushbu kitoblarning aholining o‘zbek tili boy lug‘at bazasi bilan tanishish, sohalarga oid atamalarning ma’nosini anglab yetish va ularni matnda to‘g‘ri qo‘llay olishdagi ahamiyati haqida batafsil to‘xtalishdi.

Taqdimot so‘nggida faol ishtirokchilarga kitoblardan namunalar taqdim etildi.

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan