Navoiy davlat pedagogika instituti axborot resurs markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi, Navoiy viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamkorligida “O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati”, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Ona tilim mangu makonim”, “Davlat tilida ish yuritish” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori Azizjon Eminov, O‘z FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti a’zosi, filologiya fanlari falsafa doktori Zohida Muqimova, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi bosh mutaxassisi Guljamol To‘ychiyevalar ishtirok etdi.
Taqdimot ishtirokchilariga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha soha va tarmoqlar kabi ona tilimiz qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlarimiz ham yangi bosqichga ko‘tarilganligi, buning tasdig‘i o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro‘-e’tiborini tubdan oshirish bo‘yicha qabul qilingan tarixiy farmon va qarorlar misolida tushuntirib o‘tildi.
