Turk tili jamiyati tomonidan 1932-yildan beri an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan qurultoyda o‘zbekistonlik bir guruh tilshunos olimlar ham ishtirok etdilar.
Unda Vazirlar Mahkamsi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori A.Eminov hamda Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori, f.f.n., dots. I.Azimov ham o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etishdi.
X XALQARO TURK TILI QURULTOYIDAN…
Qurultoy shu’balarida ustoz olimlarimiz ma’ruzalari tinglandi. Xususan, I.Azimov Jadid ma’rifatparvarlari tomonidan arab yozuvining isloh qilinishi sabablari, lotin yozuviga o‘tish jarayonida yaratilgan alifbo loyihalari xususida ma’ruza qildi. Professor Nizomiddin Mahmudov, Zilola Xudoyberganovalarning qiziqarli ma’ruzalari, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori A.Eminovning qurultoy qatnashchilariga tabrik so‘zlarini tinglandi.
Bundan tashqari, olimlar Anqara Hoji Bayram Vali universitetida bo‘ldilar. O‘zbek adabiyotini turk kitobxonlariga tanishtirayotgan Vali Savash, Zaynobiddin Abdurashidov faoliyat ko‘rsatayotgan fakultetga tashrif buyurib u yerdagi ilmiy muhit bilan tanishdilar, tajriba almashdilar. Universitet rahbariyati bilan uchrashuvda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari o‘rinbosari B.Shukurov taklifi asosida tashkil etilgan O‘zbek tili, adabiyoti va madaniyati markazi xonasi bilan ham tanishdilar.
Safar davomida Anqarada tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Talabalar bilan birgalikda milliy taomimiz bo‘lgan osh tayyorlanib, «Bir piyola choy ustida» qiziqarli suhbat tashkil etildi.
