Davlat tilida ish yuritish

MEHNAT BITIMI

Mehnat bitimi ham shartnoma turlaridan biri bo‘lib, u orqali muassasalar bilan ularning hisobida turmaydigan xodim(lar) o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar rasmiylashtiriladi.

Xodim (ishchi) aniq bir ishni bajarishni zimmasiga oladi, muassasa esa ish haqini to‘lash va shu ishni bajarish uchun sharoit yaratib berish majburiyatini oladi.

Mehnat bitimi tuzishga muayyan muassasa yoki tashkilotda kerakli mutaxassis bo‘lmagan va bajarilishi zarur bo‘lgan ishlar biron-bir sababga ko‘ra tegishli muassasa va korxonalar bilan shartnoma asosida bajarib bo‘lmaydigan hollardagina ruxsat etiladi.
Ayrim hollarda korxona hisobida turuvchi xodimlar bilan ham mehnat bitimi tuziladi.

Bunda xodimlar bevosita o‘z asosiy vazifalari doirasiga kirmaydigan ishni bajarish majburiyatini oladilar.
Masalan, shu korxona xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha ma’ruzalar o‘qish yoki asosiy ishdan keyin farroshlik qilish kabi.
Mehnat bitimi asosida haq to‘lash korxonaning hisobdan tashqari (shtatsiz) xodimlar uchun tasdiqlangan ish haqi fondi hisobidan amalga oshiriladi.

Mehnat bitimi kamida ikki nusxada tuziladi. Bir nusxasi bajaruvchi(lar)ga beriladi, ikkinchisi esa tegishli korxonaning hisob bo‘limi yoki boshqa tarkibiy bo‘linma hujjatlar yig‘majildida saqlanadi.

Mehnat bitimi quyidagi zaruriy qismlarni o‘z ichiga oladi:
1. Hujjat nomi (Mehnat bitimi).
2. Tuzilgan sanasi va joyi3. Mehnat bitimi tuzayotgan tomonlarning to‘la va aniq
nomi, uni imzolovchi shaxslarning lavozimi, to‘liq ismi, otaismi va familiyasi.
4. Shartnoma mazmuni (Unda bajaruvchi va buyurtmachining majburiyatlari sanab ko‘rsatiladi).
5. Ishni bajarish muddati va bajaruvchiga to‘lanadigan ish
haqining umumiy miqdori.
6. Ish sifatiga qo‘yiladigan talablar va uni qabul qilib olish
tartibi.
7. Bajaruvchiga haq to‘lash muddati va tartibi.
8. Tomonlarning huquqiy manzillari.
9. Tomonlarning imzolari.
10. Muassasa (korxona) muhri.
Ko‘rinib turibdiki, mehnat bitimlari ham xuddi shartnomalar singari zaruriy qismlarga ega va shartnomalar kabi rasmiylashtiriladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan