Kosonsoy shahri O‘zbekiston hududidagi qadimiy shaharlardan biri. Kosonsoyning har ikki sohilida joylashgan shahar dastlab Koson deb atalgan. Keyinchalik shahar nomiga soy so‘zi qo‘shilib, joy nomiga aylangan.
Shaharga miloddan avvalgi IV–III asrlarda asos solingan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, shahar miloddan avvalgi I asrda Kushonlar saltanatining poytaxti bo‘lgan. Kushonlar saltanati barham topganidan keyin ham Kosonsoy bir necha asr davomida Farg‘ona vodiysining yirik shaharlaridan biri bo‘lib turgan. V–VII asrlarga kelib, Buyuk Ipak yo‘li tarmog‘ining Farg‘onadan o‘tishi bilan shaharda savdo va hunarmandchilik yana ravnaq topdi.
Kosonsoy tarixiga oid dastlabki ma’lumotlar qadimiy Xitoy sayyohi Chjan Syan (miloddan avvalgi 128-yil), arab geograflari Ya’qubiy, Muqaddasiy asarlarida uchraydi. Xususan, arab sayyohi va geografi Ya’qubiy asarida arablar bosqini davrida Kosonsoy poytaxt sifatida tilga olingan.Bobur davrida Kosonsoy Farg‘onadagi sakkiz shahardan biri bo‘lgan. Shahar nomi qadimiy Xitoy manbalarida “kesay” yoki “Gessay” shaklida qayd qilingan.
S.Qorayevning yozishicha, Koson nomi aslida kas (kat) – “qishloq” so‘zidan olingan. Balki u sug‘dcha kat (kass) – “qishloq”, “shahar” so‘zidan kelib chiqqandir, deb yozadi akademik A.Muhammadjonov.
