O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 2-noyabrdagi 799-son “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi “O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” Qonunining 41 -moddasida “Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirishda mahalliy aholining fikrini hisobga olish” belgilab qo‘yilgan. Bu borada hududiy toponimik tadqiqotlar, toponimlarni hosil qiluvchi geografik terminlarning tarqalish areallarini aniqlash, geografik nomlar tarkibini shakllantiruvchi terminlar va boshqa atamalarning izohli lug‘atlarini yaratishga yo‘naltirilgan tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 2025-yilda bir qator kitoblar ommaga taqdim etildi. Shu jumladan “O‘zbekiston toponimlarini hosil qiluvchi atamalarning izohli lug‘ati” nashrdan chiqdi.
Ushbu izohli lug‘at toponimistlar, geograflar, tilshunoslar, kartograflar, jurnalistlar va joy nomlari bilan shug‘ullanadigan shu kabi mutaxassislar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, undan terminshunoslik, ayniqsa, geografik terminshunoslikning yurtimizdagi rivojlanish tarixi, xalq (mahalliy) terminlari va ulardan foydalanish, mamlakatimiz toponimlarining shakllanishida ishtirok etgan asosiy terminlar (atamalar)ning izohi o‘rin olgan.
Geografik nom – toponim so‘zdir. Har qanday so‘z esa biron maʼnoni anglatadi. Cheksiz so‘zlarni o‘zida mujassam qilgan ona zaminimiz – Yer sayyorasi ko‘plab tadqiqotchi-olimlarga qanchadan qancha tarix-u tabiat sirlaridan hikoya qilib bera oladi. Ana shuning uchun rus olimi N.Nadejdin geografik nomlarni “Yerning tili” deb atagan. Umuman, tasodifiy nomlar yo‘q. Lekin ularning ko‘plari o‘ta qadimiy bo‘lganidan hozir yashayotgan odamlar uchun tushunarsiz, g‘alizdek bo‘lib qolgan. Shuni ham ta’kidlash kerakki, har qanday mamlakatdagi barcha toponimlarni izohlab bo‘lmaydi. Agar bu mumkin bo‘lganida ham qadimiy tillarni mukammal bilish kerak bo‘lardi. Masalan, O‘zbekiston toponimikasi bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar ham imkon qadar qardosh-qo‘shni xalqlar tillari, shuningdek, sug‘diy, xorazmiy tillaridan yaxshigina xabardor bo‘lsalar nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi. Buning ustiga mamlakatimizdagi aksariyat qadimiy toponimlar turli tillar muhitiga tushib, o‘zining asl – dastlabki shaklini yo‘qotib, butunlay o‘zgarib ketgan. Masalan, sanskrit tilida atirgul vardhate deb atalgan, bu so‘z shu maʼnoda tojik va o‘zbek klassik adabiyotida qisqarib vard shaklini olgan. Milodning boshlarida vard so‘zi val, so‘ngra vel va vul, nihoyat gul shaklida ishlatila boshlagan.
“O‘zbekiston toponimlarini hosil qiluvchi atamalarning izohli lug‘ati” dan.
