“ENG YAXSHI BILIMDON MAKTAB RAHBARI” TANLOVI G‘OLIBLARI ANIQLANDI

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish, o‘zbek tilining siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy- ma’rifiy jabhalarda to‘laqonli joriy etilishi hamda faol qo‘llanishini rag‘batlantirishga qaratilgan “Eng yaxshi bilimdon maktab rahbari”tanlovining shahar bosqichi bo‘lib o‘tgan edi.

Mazkur tanlovda Buxoro shahridagi umumta’lim maktablari direktorlari ishtirok etib 3 bosqichda o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.

Dastlab ishtirokchilardan esse olinib, ularning imlo savodxonligi hamda mustaqil fikrlash darajasi o‘rganilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda e’lon qilingan ma’lum bir asar doirasida yopiq test sinovlari, uchinchi bosqichda esa davlat tiliga oid me’yoriy hujjatlar mazmun-mohiyati bo‘yicha ochiq test sinovlari o‘tkazildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, belgilangan mezon talablari asosida eng yuqori ballni qayd etgan 6-umumta’lim maktabi direktori Muxsina Shoyimardonova faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

14-umumta’lim maktabi direktori Dilbar Abdullayeva 2-o‘rin, 28-umumta’lim maktabi direktori Nigora Nasullayeva esa 3-o‘rinni egalladi.

Bugun, 21-fevral kuni tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori Azizjon Eminov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi rahbari, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Inomjon Azimov ishtirok etib, g‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alarini tantanali ravishda topshirdilar.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan