Oʻzbekistonda arab yozuvidan lotin yozuviga oʻtish jarayonlari

Ma’lumki, oʻzbek adabiy tilida amalda boʻlgan yozuvlar tarixiga e’tibor qaratilsa, 1929-yildan to 1940-yilgacha lotin yozuvi asosiy yozuv sifatida iste’molda boʻlgan. Bu davrga oid koʻp manbalar hanuzgacha arxivlarda qolayotganligi sababli bu jarayonlarni qisqacha boʻlsa ham tanishtirib borishga qaror qildik. Zero, tilimiz tarixini toʻlaligicha oʻrganish, unga obyektiv baho berish muhim hisoblanadi.

Jadid ma’rifatparvarlari tomonidan yangi usuldagi maktablarning tashkil qilinishi, yangi maktablar uchun darsliklar tayyorlash jarayonida arab yozuvining kamchiliklari koʻzga tashlanib qoldi. Fitrat arab yozuvinining kamchiliklari sifatida quyidagilarni ko‘rsatib o‘tadi:

1. Arab yozuvi o‘zbek tili nutq tovushlariga moslashtirilmay, arab alifbosida qanday bo‘lsa, o‘zbek tilida shunday holatda qo‘llanilib kelinayotganligi. Ma’lumki, arab alifbosii kam unlili va ko‘p undoshli somt tillariga mo‘ljallangan. Arab yozuvi o‘zbek tilining fonetik xususiyatlarini to‘la ifodalay olmaydi. O‘zbek tilidagi unli tovushlarni yozuvda ifodalash uchun arab alifbosidagi belgi-shakllar yеtishmaydi.

2. Arab tilida cho‘ziq va qisqaligi bilan farqlanuvchi atigi uchta unli fonema bor: a, i, u. Yozuvda cho‘ziq unlilar ifodalanadi, qisqa unlilar harakat bilan beriladi va yozuvda ular, ko‘pincha, ifodalanmaydi. Bu esa, savod chiqarish ishlarida qiyinchilik tug‘diradi.

3. Ayrim unli va undoshlar shaklining bir xilligi, ularning alohida belgi-shakllar asosida farqlanmasligi.

4. Ayrim undoshlarning yozuvda ikki xil (t, h), uch xil (z) belgi-shakl bilan ifodalanishi.

5. Turkiy tillar uchun, shu jumladan, o‘zbek tili uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan unlilarning qattiq-yumshoqlik, keng-torlik darajasini arab alifbosida berishning imkoniyati yo‘qligi.

6. Arab alifbosidagi harflarning yozuvda to‘rt shaklda bo‘lishi.

7. Arab yozuvi ko‘p undoshli va kam unlili somt tillariga moslashgan va shuning uchun ko‘p unlili turkiy tillar tizimiga mutlaqo mos emasligi.

Bu kamchiliklarni bartaraf etish uchun yozuvni isloh qilish, ya’ni alifboga qoʻshimcha harflar kiritish masalasini kun tartibiga qoʻyadi. Fitrat boshchiligidagi “Chigʻatoy gurungi” tashkiloti tomonidan yozuv islohoti amalga oshirilib, 1921-yilda Toshkentda boʻlib oʻtgan til-imlo anjumanida muhokama qilinadi va ba’zi tuatishlar bilan tasdiqlanadi.

Isloh qilingan yozuv qariyb sakkiz yil amalda qoʻllanib kelindi. Lekin barcha turkiy xalqlarda lotin yozuviga oʻtish harakatlarining boshlanishi, Oʻzbekistonda ham bu yozuvni hukumat miqyosida targʻib qilinishi natijasida bu yozuvga oʻtish boʻyicha turli anjumanlar tashkil qilindi, gazeta-jurnallarda bahs-munozaralar boshlanib ketdi. Lotin yozuviga oʻtishdagi eng asosiy masala oʻzbek tilining oʻziga xos boʻlgan qonun-qoidalarini hisobga olgan holda alifbo yaratish edi.

Jadidlar tomonidan bir necha alifbo loyihalari yaratiladi, yigʻilishlar, anjumanlarda qizgʻin muhokama qilinadi. Eng soʻnggi, nisbatan mukammal alifbo 1929-yilda Samarqandda boʻlib oʻtgan til-imlo anjumanida muhokama qilinib, tasdiqlanadi. Samarqand anjumani oʻzbek tilida ham boshqa turkiy tillardagi kabi singarmonizm qonuniyati mavjudligi e’tirof etiladi, shu asosda oʻzbek tilida ham unlilar yoʻgʻonlik-ingichkalik asosida tasnif qilinib, 9 ta unli belgilanadi. Bu holat esa oʻzbek tilining boshqa turkiy tillarga toʻla yaqinlashish jarayoni edi. Anjumanda uchta eng muhim qaror qabul qilinadi: 1. Oʻzbek adabiy tili toʻgʻrisida. 2. Oʻzbek adabiy tili imlo qoidalari toʻgʻrisida. 3. Atamalar toʻgʻrisida.

Afsuski, Samarqand anjumani jadid ma’rifatparvarlarining faoliyatidagi eng samarali, shu bilan birga, eng soʻnggi tarixiy ishlardan biri edi. Qizil imperiyaning mafkurasi barcha sohalar kabi tilga ham oʻz ta’sirini oʻtkazadi. Eng avvalo, jadidlarga “xalq dushmani” tamgʻasi bosiladi. Otajon Hoshimning fikricha, feodalizm davrida yashagan, oʻz asarlarini chigʻatoy adabiy tilining (Navoiy, Bobur, Lutfiy va hokazolari) feodal mohiyatidan olgan imlo biz uchun yaroqsizdir. Shuningdek, Oktabrgacha hukm surgan, ya’ni jadidizm imlosi ham bizga ma’qul еmasdir. Chunki u jadid adabiy tilining yarim feodal, burjua mohiyatiga asoslanganidir. Chunki u oʻz prinsiplarini, imloda goh turk, goh tatar burjua islohchilari imlosiga taqlid qiluvchi jadidlarning liberal burjua, panturkist, panislomist ustanofkalariga asoslanar еdi. Nihoyat “Chigʻatoy gurungi”ning imlo prinsiplari ham bizga ma’qul еmasdir. Chunki u oʻzbek tili yuksalishini burjua yoʻliga solishga intilgan.

Otajon Hoshim 1921-yilda boʻlib oʻtgan imlo konferensiyasi milliy adabiy til rivojida burilish yasagani, uning tarixiy ahamiyatini inkor qilgan holda, shoʻro siyosati nuqtayi nazaridan baho beradi: “1921-yildagi I qurultoyning materiallari “Chigʻatoy gurungi”chilarning yoʻli, burjua millatchi- panturkistlik yoʻli еkanini ochiq koʻrsatadi. Ular bu qurultoyda ochiqdan-ochiq aytadilarki, “turklik ideali bizda bor. Buni har yеrda isbot qilamiz. Maning turklik haqidagi fikrim mana shu: usmonlichaga boqsak: turkcha – arabcha – ruscha; tatarchaga boqsak: turkcha-arabcha-ruscha; oʻzbekchaga boqsak: turkcha-arabcha-forscha. Oʻzbek imlosining tuzishda ular xuddi mana shu miliy-panturkistlik ustanofkalariga suyanib ish koʻradilar. Yangi oʻzbek adabiy tili asosida yangi imloni tuzish har qanday millatchi panturkist ustanofkalari bilan, “Chigʻatoy gurungi” chilarning va ularning himoyachilarining ustanofkalari bilan rahmsiz kurashni talab qiladi. 1921-yildagi qurultoyning materiallari va shu yillar mobaynidagi amaliy ishlar, isloh qilingan arab alifbosi asosida mukammal va yengil anglashilarliq imlo tuzish harakatlarining samarasiz ekanligini koʻrsatdilar”.

Oʻzbek adabiy tili imlo qoidalarini ham ishchi-dehqon partiyasi manfaatlarini koʻzlab tuzish gʻoyasi ilgari suriladi. Shu tariqa 1929-yilgi imlo qoidalari hozirgi zamon talablariga mos emasligi ta’kidlanib, 1933-yilda rus tilida (e’tibor qiling, rus tilida!!!) “Новый проект единой орфографии узбекского литературного языка” (Oʻzbek adabiy tilining yagona imlosi yangi loyihasi) e’lon qilinadi. Yangi loyihaga binoan singarmonizm qonuniyati oʻzbek tilida yoʻqolib borayotgani ta’kidlanib, oʻzbek adabiy tilidan chiqariladi: “O‘zbek tilining oldingi rivojlanish bosqichlarida muayyan rol o‘ynagan va so‘z ma’nosini aniqlashda ma’lum o‘ringa ega bo‘lgan singarmonizm qonuni kuchli o‘zgarishga uchradi va hanuz o‘zgarishda davom etmoqda. Endilikda o‘zbek tilida, ayniqsa, yetakchi shahar lahjalarida (masalan, Toshkent lahjasi va boshqalar) singarmonizmning yo‘qolib borishi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bu jarayon o‘zbek tiliga xalqaro (baynalmilal) so‘zlar kirib kelishi bilan yanada kuchaymoqda”. Singarmonizmning chiqarilishi oʻz-oʻzidan, unlilar miqdorining qisqarishiga (9 ta unlidan 6 ta unliga) olib keldi. Bu esa, oʻzbek tilining boshqa turkiy tillardan uzoqlashishiga olib keldi. Davomi bor…

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan