Ming yildan beri Ultontozning nomi el og‘zida yuradi. Alpomishga dushman bo‘lib, yomonotliqqa chiqqan. Oti yomon Odina deb Ultontozni aytsa bo‘ladi.
Darvoqe, Ultontozning oti nega Ultontoz?
“Ulton” so‘zining ma’nosi nima? Nega tilimizda bu so‘zga ehtiyoj bor-u, lekin u tobora iste’moldan chiqib, o‘lib boryapti?
“Ulton” so‘zi ham qadimiy turkiy so‘z. So‘zlarning hammasi ham qadimiy-ku, deyishingiz mumkin, lekin “ulton” juda qadimiy.
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “ulton” so‘ziga shunday izoh beriladi: “Ulton” shv. Qoramol terisidan tayyorlangan, pishiq, qalin charm, tagcharm”.
Ultontozning oti nega Ultontoz ekanligini yuqoridagi izohdan ham biroz ilg‘agan bo‘lsangiz kerak. Baxshilar sevimli qahramon Alpomishning dushmaniga shunday nom topishlari kerak ediki, to bu ism jismiga monand bo‘lsin, asrlar bo‘yi qoralansin, unga past nazar bilan qarasinlar, hatto tilga olganlarida ham ijirg‘anib qo‘ysinlar. Shu maqsadda bu odamchaga ular Ultontoz deb ot qo‘yib, murodiga yetdilar. Ultontoz ultonga o‘xshagan degani, ya’ni u hatto oyoq kiyimi ham emas, oyoq kiyimining ham osti, tag qismi, shunchalar past, shunchalar tuban.
Ultontozning oti Ultontoz bo‘lib qolaversin-da, endi biz boshqa mulohazamizni bayon qilaylik.
Odatda, “Etigimning tagi yeyilib ketibdi”, “Tuflimning podoshvasi ketib qolyapti” degan gaplarni eshitib qolamiz, o‘zimiz aytamiz ham. Tufli, etik, mahsi, kalish, xullas, poyabzallarning tag qismi ma’nosini ifodalaydigan tayyor so‘z tilimizda bor-ku. Nega undan foydalanmaymiz? “Podoshva”ga kelgan tilimiz “ulton”ga kelmaydimi? Har bitta so‘z o‘z tilining fuqarosi. U yashashi uchun ishlashi kerak. So‘z esa odamlar tilida ishlaydi. So‘zning hayoti uchun hammamiz burchlimiz. Chunki tilimizdagi har bir so‘z bizning so‘zimiz. Yomon bo‘lsa, Ultontoz yomon bo‘lgandir, lekin “ulton” degan so‘z yomon emas-ku. Qolaversa, “Yaxshi usta terini ulton qilur, yaxshi xotin erini sulton qilur”.
Oybarchinim, yor-yor,
Gulbarchinim, yor-yor,
Ultontozga tekkuncha,
O‘l, Barchinim, yor-yor.
I z o h: Maqola e’lon qilingach, Jabbor Eshonqul telefon qilib, “Ultontoz” manqurt degani bo‘lishi mumkin degan fikrni aytdi. Bu so‘zdagi “toz” – “kal” degani, ma’lumki, manqurtlar boshiga teri qoplanib quritilgan va ular kal holida yurganlar dedi.
Biroq men keyinroq “taz” so‘zi turkiy tillardan biri qarachay malkar tilida “lagan” degan ma’noni anglatishini o‘qib qoldim. Shuningdek, “Qadimgi turkiy til” kitobida “toz” – “chang” ma’nosini anglatishi ham aytib o‘tilgan va “tozg‘aq” (“to‘zg‘oq”) so‘zi shundan kelib chiqqan deyilgan. Mahmud Qoshg‘ariy “taz” so‘zini “kal” deb izohlagan va “Taz keligi bo‘rkchiga” (“Kalning boradigan joyi do‘ppifurushning do‘konidir”) degan maqolni keltirgan.
Eshqobil Shukur
