15-oktabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” nomli respublika ko‘rik-tanlovining final bosqichi va g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 200 dan ziyod xorijlik talabalar ishtirok etdilar.
Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talaba-yoshlar o‘rtasida “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni” ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori Azizjon Eminov ishtirokchilarga omad tilab marosimni ochib berdilar.
Shundan so‘ng final bosqichining “Erkin mavzuda badiiy chiqish” sharti bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan o‘zbek tilidagi she’r va qo‘shiqlar tinglandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, tanlov g‘oliblari bilan tanishing:
🥇1-o‘rin: Shen Xintong (Xitoy) Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi;
🥈2-o‘rin: Toya Kobayashi (Yaponiya) Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi;
🥉3-o‘rin: Khan Huriya (Hindiston) Buxoro davlat tibbiyot universiteti talabasi;
🥉3-o‘rin: Abdul Haseeb Khon (Pokiston) Urganch davlat tibbiyot instituti talabasi..
Ta’kidlash joizki, xorijlik talabalarning tilimiz jilosini madh etuvchi chiqishlari davlat tilimizga hurmatning o‘ziga xos ifodasi bo‘ldi.
G‘oliblar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan diplom, faxriy yorliq, esdalik sovg‘alari hamda 1-o‘rin uchun BHMning 40 barobari, 2-o‘rin uchun BHMning 30 barobari va 3-o‘rin uchun BHMning 20 barobari miqdorida pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.
Marosim so‘ngida Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Nodir Xolbo‘tayev o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini mustahkamlash, xalqaro miqyosdagi mavqesini oshirish, tilimiz va madaniyatimizni targ‘ib qilish bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdilar.
