Xorazm – Markaziy Osiyoning qadimiy mintaqalaridan biri bo‘lib, ushbu atama boy tarixiy, madaniy va lingvistik qatlamlarni o‘zida mujassam etadi. Xorazm nomining kelib chiqishi haqida ko‘plab nazariyalar mavjud bo‘lib, har biri mintaqaning tarixi va geografik xususiyatlari bilan chambarchas bog‘liqdir.
Ba’zi manbalarda keltirilishicha, “Xorazm” so‘zi qadimgi fors tilidagi “Xvarizem” yoki “Harizm” shakllaridan olingan bo‘lib, u “quyoshli yer” yoki “quyosh chiqadigan joy” degan ma’noni anglatadi. “Xvar” so‘zi qadimgi fors tilida quyosh, yorug‘likni bildiradi, “zem” esa zamin, yer ma’nosini beradi. Shu sababli, Xorazm mintaqasi qadimdan quyosh nurida porlagan, boy yer-suv resurslariga ega o‘lkani ifodalagan bo‘lishi mumkin degan qarashlar bor. Xususan, al-Beruniy o‘zining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida “Xvarizm” nomining ma’nosi va geografiyasi haqida to‘xtalib o‘tgan.
Boshqa bir nazariya esa “Xorazm” so‘zi mahalliy til va dialektlardan kelib chiqqanini ta’kidlaydi. Ayrim tadqiqotchilar bu nomni turkiy tilga oid qilib, “xor” – suv va “zam” – yer birikmasi deb talqin qilishadi. Chunki Xorazm qadimdan Amudaryo bo‘yida joylashgan bo‘lib, uning rivojlanishida suv resurslarining ahamiyati juda katta bo‘lgan. Bu yerda suv omillari shunchalik muhim bo‘lganki, mintaqaning nomlanishida ham aks etgan.
Yana bir e’tiborga molik faraz shuki, “Xorazm” nomi afsonaviy shaxslar va tarixiy voqealar bilan bog‘liq. Ayrim manbalarda u Oks daryosi (Amudaryo) bilan bog‘langan “Orazam” yoki “Orzum” shakllaridan olingan deyiladi. Bu taxminlar tarixning chuqur qatlamlariga oid afsonaviy rivoyatlarni aks ettiradi.
Xorazm tarixi haqida so‘z ketganda, “Xorazm” atamasi to‘g‘risida ham gapirish o‘rinlidir. Ushbu atamani tarixini izlar ekanmiz, boshqa tarixiy so‘zlar kabi bu atama haqida ma’lumot berilgan manbaalarda turlicha qarashlar, turlicha ma’nolari keltirilgan, masalan, Avestoda “Xvarezm”, qadimiy forschada “Uvarazmis”, lotinchada “Xorasmiya” va yunonchada “Xorazmiya” deb yuritilgan. Arab manbalarida esa bu o‘lka “Xvorazm” talaffuzida tilga olinadi. Uning asl mohiyati esa “xvo” – “go‘sht”, “razm” – “o‘tin” kabi ikki so‘zdan tarkib topib, “Xorazm – go‘sht va o‘tinga serob o‘lka” degan ma’noda qo‘llangan. Ma’lum vaqtdan keyin Xorazmning tarixini har tomonlama chuqur o‘rganish S.P.Tolstov tomonidan boshlangan va “Xorazm” atamasi eroncha “Hurr-xurshed” va “zm-zem” so‘zlari asosida yuzaga kelgan nomning “Quyoshli o‘lka”, “Quyoshli yer”, “Quyosh (Xalq) yeri” ma’nolarini aytib o‘tadi. Bundan tashqari, uning “Ming irmoqli daryo” va “Ko‘llar va o‘tloqlarga boy o‘lka” kabi atamalari ham Avestoning “Yasht” qismida aytib o‘tilgan.
Shular qatorida Sug‘dshunos olim M.N.Bogolyubovning fikricha, Xorazm alohida 3 ta so‘zdan tarkib topgan. Xu (Xush, Xash), var (vara) va zm (zim, zem). Eroniy tillarda Xu —“yaxshi” “ma’qul”, var (vara) – “devor”, “marza”, “fob”, “qal’a”, “qo‘ra” degan ma’nolarni bildirgan. Zm (zim, zem) esa – “zamin”, “hudud”, “diyor”, “mamlakat” kabi ma’nolarni anglatgan.
“Xorazm” atamasining toponimistik va lingvistik talqinidan aniqlanishicha, mazkur nomning shakllanib tarixda mashhur bo‘lishi o‘lka tabiatining quyoshli va yer sathining tekisligi, shuningdek, mustahkam mudofaa inshootlari – qal’alarining sifati hamda xorazmliklarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotida tutgan o‘rni bilan uzviy bog‘liqdir.
Xorazm atamasining etimologiyasi faqatgina lingvistik nuqtai nazardan emas, balki tarixiy va madaniy kontekstda ham muhimdir. Bu nom mintaqaning qadimiy davlatlaridan tortib, buyuk ilm-fan va madaniyat markazlariga aylanishigacha bo‘lgan yo‘lni o‘zida aks ettiradi. Al-Xorazmiy kabi buyuk olimlarning vatani bo‘lgan Xorazm nomi bugungi kunda ham ilm-fan va madaniyat ramzi sifatida jaranglaydi.
Shunday qilib, Xorazm atamasi nafaqat geografik hududni ifodalash, balki boy tarixiy merosni, tabiat boyliklarini va madaniyati chuqur ildizlarga ega bo‘lgan xalqning ruhiyatini aks ettiradi. Bu nom mintaqaning o‘ziga xosligini, go‘zalligini va ahamiyatini abadiylashtirgan noyob ramzdir.
Nodira Eshchanov
Qo‘shko‘pir tumani hokimining maslahatchisi
