Namangan viloyatida Davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilar uchun Respublika miqyosidagi amaliy o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Unda Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, shuningdek, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimlarining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari ishtirok etdilar.
Seminar davomida maslahatchilar o‘zaro tajriba almashdi, malaka oshirdi va faoliyatlarini yanada samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Tadbirda Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov “O‘zbek adabiy tili imlo qoidalarini tuzish tajribasidan” mavzusida ma’ruza qildi. Shuningdek, Davlat tilini rivojlantirish departamenti bosh mutaxassisi Uchqun Mahmudov “Davlat tili to‘g‘risidagi” hamda “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonunlarda belgilangan talablar asosida nomlash masalalari yuzasidan ma’lumot berdi.
Seminar davomida Namangan davlat universiteti O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Nosirjon Uluqov “O‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida ma’ruza o‘qidi.
Tadbir doirasida O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan nashr etilgan yangi lug‘atlarning taqdimoti ham o‘tkazildi. Shuningdek, o‘zbek tili rivojiga doir dolzarb muammolar, imlo masalalari va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi, yangi kitoblarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
