“O‘Z YURTIDA ONA TILIN UNUTGANLAR…” Svetlana KIM:

– Men O‘zbekistonda tug‘ilib-o‘sdim. Yurtimni juda yaxshi ko‘raman. Kimyogarman. Moskvada o‘qir ekanmiz, kursdoshlarim o‘sha yerda qolishga yoki yaxshi yo‘llanma olishga intilishardi. Menga Belorusdagi yirik kimyo zavodiga yo‘llanma berishdi, ammo undan voz kechdim. Chunki uyga – O‘zbekistonga qaytishni istadim. Rosti, boshqa joyda yashashni tasavvur qilolmayman. Toshkentga qaytib, ishga joylashdim.

Millatim koreys, rus tilida ta’lim olganman. O‘zbekistonda yashaganim bois o‘zbek tilini mukammal o‘rganish istagi bolaligimdan yuqori bo‘lgan. Aslida, o‘zbek tilini bilish – bu zarurat, fuqarolik burchidir.

O‘zbekchani yanada yaxshi o‘rganish uchun til kurslari bilan qiziqdim. Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida boshqa millat vakillariga o‘zbekcha o‘rgatadigan kurs borligidan xabar topdim. Birinchi darsdan keyin guruhlarga bo‘lindik. Bizning 17 kishilik guruhimizga pedagog Azizbek Berdiyev dars bera boshladi. Chet tilini o‘rganayotgan kishi uchun o‘qituvchining o‘rni beqiyos. Muvaffaqiyatning yarmi, hatto undan ham ko‘prog‘i o‘qituvchining mahoratiga bog‘liq.

Jiddiyroq shug‘ullanib, o‘zbekcha o‘qish va yozishni ham o‘zlashtirib olmoqchiman. Darslarga qatnay boshlaganimdan beri qo‘shnilarim bilan yanada osonroq muloqot qilyapman. Mendan ko‘ra ko‘proq ular quvonganini ko‘rib, ishtiyoqim yanada oshmoqda.

Otam uzoq yillar o‘zbeklar bilan birga ishlagan. U ham o‘zbek tilini yaxshi biladi. Otam hayotiy haqiqatga asoslangan bir mulohazani tez-tez takrorlab turadi: “…1937-yilda deportatsiya qilingan biz koreyslar aynan o‘zbek xalqining saxovati tufayli omon qolib, begona yurtda ham o‘z milliyligimizni saqlab qololdik”. Biz buni doim yodda saqlaymiz. Butun umr o‘zbek xalqining naqadar mehmondo‘st, mehribon, bag‘rikeng ekanini e’tirof etishdan charchamaymiz.

O‘zbek tilini o‘rgana boshlagach, atrofimdagilarning menga hurmati yanada oshganini yaqqol his qila boshladim. Hozir lotin alifbosidagi o‘zbek yozuvini o‘rganayotganimiz sababli qo‘shnilarim bilan “SMS”lashganda lotincha yozaman. To‘g‘ri, hozircha xabarlarim qisqa jumlalardan iborat, lekin mehribon qo‘shnilarim harakatimni-da astoydil qo‘llab-quvvatlashmoqda.

Tajribadan ma’lumki, til o‘rganish uchun ikki muhim jihat sabab bo‘larkan: istak va ehtiyoj. Kimdir karyera yoki boshqa sababdan til o‘rganishni shart deb bilsa, bu – majburiyat. Ammo istak, bu – butunlay boshqa narsa. Bu tilga bo‘lgan muhabbat, til orqali madaniyatga chuqurroq kirish imkoniyati.

Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazidagi sharoitlar alohida mavzu. Darslarda zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalaniladi. Shuningdek, dastur ham juda yaxshi. Tilni o‘zlashtirishda dastur juda katta rol o‘ynaydi. Shunday sharoitda o‘zbek tilini o‘rganayotganimdan juda mamnunman.

Bir mulohazamni aytib o‘tmoqchiman. Hozir ayrim o‘zbeklar ham o‘z tilini qo‘yib boshqa tilda gaplashadi. Hatto, oilada ham boshqa tilda muloqot qilishlari meni hamisha hayron qoldirgan. Xuddi shuning aksi bo‘lgan yana bir holat esa meni doim quvontirgan. Ya’ni, boshqa millat vakillarining o‘zbek tilini juda yaxshi bilishiga guvoh bo‘lganman va ularga havas qilganman. Yaqinda internet tarmoqlarida yapon yigitning davlat tilida gapirgan videosini ko‘rdim. Uning gaplari juda bama’ni, qo‘shiqdek eshitilardi.

Har qanday xalq madaniyatida eng muhim qadriyat – tildir. Musiqa, raqs yo boshqasi emas, aynan til. Chunki u milliylikni, o‘zlikni belgilab beradigan eng asosiy omil.

O‘zimni “o‘zbek koreysiman” deb hisoblayman. Mening baxtim shunda!

Dilmurod DO‘STBEKOV yozib oldi.

manba

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan